Oʻzbekistonda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb etganlik uchun javobgarlik belgilandi

Saqlash
14:32 / 13.04.2023 957 0

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qonun” bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Unga koʻra, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

 

Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish huquqbuzarni ijtimoiy foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy ravishda jalb etishdan iborat boʻlib, u sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha boʻlgan muddatga tayinlanadi. Agar huquqbuzar oʻqiyotgan boʻlsa, jamoat ishlari oʻqishdan boʻsh vaqtda bajariladi.

 

Haq toʻlanadigan jamoat ishlari quyidagi shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi:

 

pensiya yoshiga yetgan shaxslarga;

18 yoshga toʻlmagan shaxslarga;

homilador ayollarga;

3 yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga;

I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga;

doimiy ishga ega shaxslarga;

harbiy xizmatchilarga.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarosiga aliment toʻlash majburiyati boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar maʼmuriy tartibda chiqarib yuborilmaydi.

 

Bundan tashqari, shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. Shahvoniy shilqimlik qilish, yaʼni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul boʻlgan hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega boʻlgan harakatlarni bir marta qoʻpol ravishda yoki bir necha marta sodir etish 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishi mumkin.

 

Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash (47-4-modda), ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash (47-5-modda) kabi maʼmuriy qilmishlar quyidagi javobgarliklar qoʻllanilishiga sabab boʻladi:

 

15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga;

120 soatgacha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga;

maʼmuriy jazolarning mazkur turlari qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima solishga.

 

Shuningdek, ota-onaning oʻz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganligi BHMning 10 baravarigacha (3 million soʻm) miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi mumkin.

 

Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanib, mazkur huquqbuzarlik BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

 

Shu bilan birga, xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir roʻzgʻorda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsni doʻpposlash BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa sabab boʻladi.

 

Ushbu qonunga asosan, Oʻzbekistonda endilikda er yoki xotin oʻz turmush oʻrtogʻining huquqlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qiladigan boʻlsa, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi. Masalan, shaxs oʻz turmush oʻrtogʻini haqoratlab, qadr qimmatini tahqirlasa 6 million soʻm jarimaga tortiladi, gʻarazli niyatlar bilan kaltaklab, badaniga ogʻir tan jarohati yetkazsa 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//