O‘zbekistonda ayrim sport obyektlarini qurish joylari ovoz berish orqali aniqlanadi

Saqlash
21:57 / 12.04.2023 1310 0

Prezident tomonidan “Maʼmuriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi, deb xabar beradi Norma.

 

Hujjat bilan Yoshlar siyosati va sport vazirligi faoliyatining 9 ta ustuvor yo‘nalishi tasdiqlanmoqda. Shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentlining xususiy sektorga o‘tkazilayotgan vazifalari ro‘yxati tasdiqlanyapti.

 

Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari har yili 1-fevralga qadar o‘z tizimlarida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan yillik “Yoshlar dasturi”ni Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.

 

2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosati sohasida o‘tkaziladigan yoshlar festivallari, forum, loyiha, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar Yoshlarga oid tadbirlarning yillik kalendar rejasi asosida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda tadbirlar haqida maʼlumot “Yoshlarportali.uz” yagona elektron platformasida eʼlon qilinadi.

 

2024-yil 1-yanvarga qadar sport sohasini raqamlashtirish bo‘yicha 24 ta yo‘nalishdagi axborot tizimlarini o‘z ichiga olgan “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushiriladi hamda UzASBO dasturidagi maʼlumotlar bilan integratsiya qilinadi.

 

Bunda joylarda Yoshlar siyosati va sport vazirligi mablag‘lari hisobidan barpo etiladigan sport obyektlari va inshootlarining kamida 30 foizi elektron tizim orqali ushbu hududda yashovchi aholi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

 

Shu bilan birga, 2023-yil 1-iyuldan boshlab sportchi identifikatsiya kartalari uchun to‘lovlar miqdori uch barobarga kamaytiriladi, ulardan foydalanish muddati 5 yil etib belgilanadi.

 

2024-yil 1-martdan boshlab sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan rasmiy musobaqalarda ishtirok etishi uchun sportchilarning mansubligi va ularning malakasini identifikatsiya kartalari (ID-karta) orqali aniqlash tartibi joriy etiladi.

 

Shuningdek, sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar va ularni tayyorlagan murabbiylarni rag‘batlantirish uchun mablag‘lar miqdori tasdiqlanmoqda.

 

2023-yil 1-iyuldan Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi taʼsis etilyapti, uning miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravarini tashkil etadi. Ushbu stipendiya tayinlangan sportchilarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.

 

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasiga idoraviy mansub bo‘lgan tibbiyot muassasalarida belgilangan tartibda umrbod bepul tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi beriladi.

 

Hujjat Qonunchilik hujjatlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 8-apreldan kuchga kirgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//