Jamiyat
“Suzane Sultan” MCHJ direktori Mohira Sultonova feysbuk sahifasida Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, “Navroʻz” hunarmandlar shaharchasida ijara narxlari keskin oshib ketganini bildirdi va ushbu masalaga eʼtibor qaratishni soʻradi.
Mohira Sultonova murojaatini “Navroʻz” hunarmandlar shaharchasidagi 24-hovli-ustaxonasida besh yildan beri kashtachilik maktabi va “Oʻzbekiston sotsial turizmi assotsiatsiyasi” NNTni yuritib kelayotgani bilan boshlab, bogʻning ochilishida Prezidentning shaxsan oʻzi tashrif buyurganini va hunarmandlarning kelgusi ishlarida oʻz maslahatlarini berganini yozgan.
“Bu yerdagi ustaxonalar va doʻkonlar biz kabi muayyan ish joylari boʻlmagan, ustaxona va doʻkon ochish orzusida yillab qiynalib yurgan hunarmand ustalar uchun eng qadrli sovgʻangiz boʻlgandi oʻshanda”, – deydi Sultonova.
Uning taʼkidlashicha, karantin vaqtida va undan keyin hunarmandlarga ijara boʻyicha imtiyozlar berilgan. Ammo 2023-yildan boshlab bogʻ direktori oʻzgargan va ijaralar narxi keskin oshirilgan. Shu kungacha 2,5 mln soʻm boʻlgan ijara bu yildan 15 mln 800 ming soʻm qilib belgilangan.
“Oʻzi shundogʻam oldingi ijarani bir nechta hunarmandlar bilan boʻlishib toʻlayotgandik, narx oshgach, sheriklarim chiqib ketishdi va menga faqat birinchi qavatning oʻziga 7 mln 600 ming soʻm narx berishdi. Men buni umuman toʻlay olmasligimni tushuntirsam, bogʻda tadbirlar qilamiz, odam koʻp keladi, savdo boʻladi, deb ishontirishdi va shartnomaga qoʻl qoʻydim. Ammo oʻtgan oyda faqat Navroʻz bayrami kunlari tomoshabinlar koʻp boʻlishdi, savdo ham boʻldi, ammo amallab 5 mln soʻm ijara summasini ziyonimdan toʻladim. Bu yilgi ijara shartnomasiga 2-mart kuni qoʻl qoʻyganimga qaramasdan, mendan ijara haqqini, yanvar, fevral, mart oylari qarzlari bilan toʻlashimni yoki ustaxonani boʻshatishimni talab qilishdi. Vaholanki, yanvar va fevral uchun eski narxda ijarani toʻlab boʻlgan edim”, – deb noroziligini bildiradi hunarmand.
Hunarmand aprel oyida ijarani toʻlay olmasligini bildirganida va hovlini boʻshatishga majburligini direktorga ogʻzaki ravishda bildirganida, oʻsha zahotiyoq ogohlantirishlarsiz hovli elektr tarmogʻidan uzib tashlangani aytilmoqda.
“Bogʻda menikiga oʻxshash hovli-ustaxonalar 40 dan ortiq. Ammo shuning yarmidan koʻpi boʻshab, qarovsizlikdan, chakka oʻtib, mogʻorlab, pollari, poydevorlari choʻkib, devorlari yorilib, avariya holatida yotibdi. Chunki “arenda” qimmatlashmagan vaqtdayoq koʻp ustalar ijarani toʻlolmay chiqib ketishgan edi. Endi narxlar oshib, qolgan ustalar ham bogʻdan ketishmoqda”, – deydi Mohira Sultonova.
Sultonova, shuningdek, ularga yordam berish uchun bu muammoga yechim taklif qilgan bir nechta davlat tashkilotlari ham rad javobi olishganini qoʻshimcha qilgan.
“Shaxsan Prezidentning tashabbusi bilan aynan biz hunarmandlarga qurib berilgan shaharchani nima sababdan bu holatga keltirishmoqda? Axir bogʻ mana shu hunarmandlarga ijaradan imtiyoz berishi uchun davlatimiz ham bogʻni yer va mulk soligʻidan imtiyozli ozod qilganini bilamiz-ku? Nima uchun ular Prezident biz sababli ularga bergan imtiyozni “ignor” qilishyapti? Nima uchun ijara narxini birdaniga 70–80 foizga oshirib yuborishdi? Bunga ularning haqqi bormi? Prezident hunarmand ustalarni qoʻllab-quvvatlashni targʻib qilib turganlarida, davlat tomonidan shuncha imtiyozlar berib qoʻyganlariga qaramasdan, bu yerdagilar bizni xuddi oʻzlarining shaxsiy hisobidan qurilgan bogʻdan haydagudek muomala qilishyapti? Bizga yordam berish uchun bu muammoga yechim taklif qilgan bir nechta davlat tashkilotlari ham rad javobi olishdi.
Biz kabi milliylikni targʻib qiluvchi, Prezident himoyasidagi tadbirkor-hunarmandlarga bunday munosabat qilishga ularning qonuniy huquqlari bormi?
Hurmatli Prezident, biz “Navroʻz” bogʻida faoliyat olib borayotgan hunarmandlar, sizdan bizning shu muammomizga munosabat bildirib, munosib yechim topishda yordam berishingizni iltimos qilamiz”, – deya soʻzini yakunlagan Mohira Sultonova.
Qayd etish kerak, Prezident 2019-yilning 30-avgust sanasida mazkur bogʻga tashrif buyurib, undagi obyektlar bilan tanishgan.
“Oʻzlikni anglash nuqtayi nazaridan bu joyning ahamiyati katta. Bu yerda milliy qadriyatlarimiz, tariximiz yaqqol koʻrinadi. Oʻz tarixini chuqur bilgan xalq gʻururli, qudratli, badavlat boʻladi”, – degandi Prezident oʻshanda.
Oyina.uz ijaralar narxining keskin oshishi sababini bilish maqsadida bogʻ maʼmuriyati bilan bogʻlandi. Bogʻ maʼmuriyati bu telefonda aytiladigan maʼlumot emasligini va agarda bogʻ hududiga borilsa, har bitta savolga, jumladan moliyaviy masalalarga ham izoh berilishini maʼlum qildi. Shuningdek, javobda Toshkent shahrida hokimiyat har bitta faoliyat va har bir metr kvadrat uchun narx-navo belgilagani va bunga davlat tomonidan qoʻyiladigan soliqlar ham qoʻshilishi bildirildi.
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q