1-iyundan “yoshlar daftari”ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi toʻlanadigan stajirovka tizimi joriy qilinadi

Saqlash
22:08 / 11.04.2023 1261 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

 

Yigʻilishda yoshlarni ishga qabul qilish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqilishi maʼlum qilindi.

 

Oʻtgan yili 11 ta davlat oliygohining 11 mingdan ziyod bitiruvchilaridan 6,5 ming nafari ishga joylashmagan. Yoki grantda oʻqigan 3 ming talaba ham ishga kirmagan. Professional taʼlimda ham, oʻtgan yili kollej va texnikumlarni 143 ming nafar yoshlar bitirgan boʻlsa, shundan 30 ming nafari ish topa olmagan.

 

Shu munosabat bilan bundan buyon har bir vazir tarmogʻidagi kasblarga malaka talabini oʻzi belgilashi, bunda 70 foiz kasblarga oʻrta maxsus, 30 foiziga oliy maʼlumot talab etiladigan tizim boʻlishi taʼkidlandi.

 

Shuningdek, vazirliklar oliygoh va kollej-texnikumlarga buyurtma berish bilan birga ularning oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

 

Har bir vazir va viloyat hokimi yil boshida oʻzining Yoshlar bandligi dasturlarini ishlab chiqib, aholiga eʼlon qilishi va yil yakunida natijalari boʻyicha jamoatchilikka hisobot berishi belgilandi.

 

2021-yilda 25 yoshgacha boʻlgan yoshlarni ishga olgan korxonalarga toʻlangan ijtimoiy soliqni qaytarib berish amaliyoti joriy qilingan edi. Bundan 9 mingdan ziyod korxona foydalandi, ularga 150 milliard soʻmlik ijtimoiy soliq qaytarildi, 100 ming yoshlar bandligi taʼminlandi. Shu bois, ushbu tajribani yana 2 yilga uzaytirishga qaror qilindi.

 

1-iyundan boshlab “yoshlar daftari”ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi toʻlanadigan stajirovka tizimini joriy qilish topshirildi.

 

Yoshlar oʻrtasida IT, reklama, kino, arxitektura, dizayn, marketing, hunarmandchilik, rassomchilik kabi yoʻnalishlarga qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, viloyat hokimlariga yil yakunigacha bittadan “Kreativ park” tashkil etish topshirildi. Ularda IT park rezidentlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qoʻllanadi.

 

Bu maqsadlar uchun “Yangi Oʻzbekiston yoshlari tashabbuslari” jamgʻarmasi va elektron platformasi tashkil qilinadi. Jamgʻarmaga 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Bu mablagʻlar iqtidorli yoshlarning eng yaxshi gʻoya, startap va loyihalariga qulay va yengil shartlarda, zarur boʻlsa, foizsiz va garovsiz ajratiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//