Parijda Oʻzbekistonda suratga olingan tarixiy ovozsiz filmlar namoyish etildi

Saqlash
15:11 / 11.04.2023 1173 0

Parijdagi Arab dunyosi institutida “Samarqandga yoʻl. Ipak va oltin moʻjizalari” koʻrgazmasiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy dastur doirasida Oʻzbekistonda suratga olingan “Moxov” (1928) va “Burilish: uning huquqi” (1931) nomli ovozsiz filmlar namoyishi hamda konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

 

“Dunyo” axborot agentligiga koʻra, filmlar namoyishini Respublika kinofondi direktori Eljon Abbosov va kinoshunos, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik institutining “Kino va televideniye” boʻlimi mudiri, sanʼatshunoslik fanlari doktori Nigora Karimova taqdim etdi. Madaniy-maʼrifiy kechada Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti dotsenti Abror Zufarov rahbarligidagi musiqiy jamoa oʻz dasturi bilan chiqish qildi.

 

100 dan ziyod Fransiyaning taniqli kinoshunos va musiqa sanʼati ixlosmandlari ishtirok etgan tadbir fransuz jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Madaniy dastur Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanʼat va madaniyatni rivojlantirish jamgʻarmasi koʻmagida oʻtkazildi.

 

Tadbir qatnashuvchilari Oʻzbekistonda kinematografiya sohasi boy tarixga ega ekanini eʼtirof etishdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//