Shavkat Mirziyoyev huzurida “Tashabbusli budjet” dasturining birinchi mavsumi yakunlari koʻrib chiqildi

Saqlash
14:33 / 11.04.2023 852 0

Shavkat Mirziyoyev huzurida “Tashabbusli budjet” dasturining birinchi mavsumi yakunlari koʻrib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, soʻnggi uch yilda ijtimoiy infratuzilmadagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun 9 ming 500 ta mahallaga 57 trillion soʻm ajratilgan. Bu mablagʻlar hisobiga 3 ming 500 ta mahallada ichki yoʻllar, yana shunchasida bogʻcha, maktab va shifoxona taʼmirlangan.

 

1 ming 19 ta mahallada ichimlik va oqova suvi taʼminoti yaxshilanib, 452 tasi zamonaviy qiyofaga keltirilgan. Inson qadri tamoyili asosida bu yil mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar koʻlami 25 trillion soʻmga yetkazildi. Xususan, “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida 8 trillion soʻm koʻzda tutilgan.

 

Yaqinda ushbu dasturning 1-mavsumi yakunlandi. Yigʻilishda uning natijalari va amalga oshiriladigan ishlar haqida axborot berildi. Bu mavsumda aholi tomonidan yoʻl, suv, elektr, maktab, bogʻcha va shifoxonalarni yaxshilashga 34 mingta loyiha takliflari ovozga qoʻyilgan. Ovoz berish jarayoni yakuniga koʻra, 1 ming 666 ta loyiha gʻolib deb topilgan.

 

 

Davlat rahbari gʻolib loyihalarni sifatli bajarish bilan birga boshqa loyihalarga ham eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi. “Masalan, 1 ming 300 ta loyihaga 2 mingdan ortiq aholi ovoz bergan boʻlsa-da, gʻolib boʻlmagan. Bu 4 milliondan ortiq aholi koʻtargan masala yechimini topmadi, degani. Shuning uchun aholining bu xayrli takliflarini qoʻllab-quvvatlashimiz zarur”, — deydi prezident.

 

Ushbu loyihalarga qoʻshimcha 1 trillion 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi. “Tashabbusli budjet” dasturida qatnashgan 34 mingta loyiha kelgusi yil budjetini shakllantirish uchun tayyor taklif. Masalan, mahallalardagi tibbiyot muassasalarini taʼmirlash boʻyicha mingdan ortiq, maktablarni parta va kompyuter bilan jihozlashga 5 mingdan ziyod loyiha taklifi kelib tushgan. Prezident “Tashabbusli budjet”da 1 ming 500 dan ortiq ovoz toʻplagan loyihalarni 2024-yilgi budjetni shakllantirishda inobatga olish zarurligini taʼkidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//