Oʻzbekistonda 2000 nafardan ortiq tugʻma yurak nuqsonli bolalar bepul operatsiya qilinmoqda

Saqlash
15:50 / 07.04.2023 1657 0

Oʻzbekistonda 2 ming nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan farzandlari bepul operatsiya qilinmoqda. Bu haqda SSV xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, bolalar jami 64 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga navbatsiz, imtiyozli yoʻllanmasiz, eng malakali shifokorlar tomonidan yuqori texnologik operatsiyalar orqali ogʻir darddan xalos boʻlmoqda.

 

Rejaga koʻra, tugʻma yurak nuqsoni bilan tugʻilgan 2000 nafar bolaning 500 nafari Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ogʻir darddan xalos boʻladi.

 

“Hozirda Toshkent shahri va viloyati, shuningdek, Qoraqalpogʻistondan kelgan 120 nafardan ortiq bolajon operatsiya oldi tekshiruvlaridan oʻtkazilmoqda. Sanoqli kunlar ichida bolalarda tugʻma yurak nuqsonlarini bartaraf etish boʻyicha oʻtkazilgan amaliyotlar 15 tadan oshdi.

 

Bu turdagi ochiq usulda bajariladigan yuqori texnologik amaliyotlar uzoq vaqt davom etadi. Shu bois bir kunda 3-4 ta operatsiya oʻtkazish imkonimiz bor. Samaradorlikni oshirish maqsadida markazimiz 6 kunlik ish tartibiga oʻtdi”, — deydi markaz boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari doktori Hakimjon Abrolov.

 

Bunday ochiq usuldagi murakkab amaliyotlardan soʻng bemor bolalar uchun intensiv terapiya talab qilinadi. Operatsiyadan keyingi reabilitatsiya 7-10 kunni tashkil qiladi. Shundan soʻng bolajonlar yana oʻz oilalari bagʻriga qaytishlari mumkin.

 

Ayni kunlarda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kabi mamlakatdagi jami 8 ta tibbiyot muassasasida bunday amaliyotlar davom etmoqda. Barcha dori-darmonlar, tibbiy sarflov materiallari davlat mablagʻlari hisobidan qoplab berilyapti.

 

Ushbu aksiyaning ikkinchi bosqichida katta yoshli bemorlarda ham yuqori texnologik operatsiyalar oʻtkazilishi belgilangan. Buning uchun 22 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//