Jamiyat
“Toshkent viloyatida mavjud avariya holatidagi va maʼnan eskirgan koʻp qavatli uylarni renovatsiya qilish orqali aholi yashash sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Hujjat loyihasida keltirilishicha, Toshkent viloyatida eskirgan yoki yaroqsiz koʻp qavatli uy-joy fondi xatlovdan oʻtkazilgan hamda instrumental oʻrganishlar natijasiga koʻra 23 ta uy avariya holatida deb topilgan, mazkur uy-joylarda yashovchi fuqarolar tomonidan uy-joy sharoitini yaxshilash uchun yangi uy-joy qurib berish toʻgʻrisida koʻplab murojaatlar kelib tushgan.
Renovatsiya qilinishi belgilangan massivlarda koʻp qavatli uy-joylarni qurish — elektron onlayn auksion savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining oʻz mablagʻlari, tijorat banklarining kreditlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda koʻp qavatli uy-joylar loyihalari hududdagi aholi daromadidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi lozim.
Toshkent viloyati hokimligi oʻn kun muddatga renovatsiya qilinishi belgilangan uy-joylar oʻrnida Oʻrta Chirchiq, Boʻstonliq tumanlarida qavatlar soni 5 tadan, Chirchiq, Olmaliq shaharlari, Qibray tumanida qavatlar soni 7 tadan kam boʻlmagan zamonaviy uy-joy qurish uchun talabgorlarni aniqlash boʻyicha loyihalarni elektron tender savdolariga chiqarilishini taʼminlaydi.
Bunda, koʻp qavatli uy-joylar buzilishidan chiqqan yaroqli qurilish materiallari loyiha tashabbuskorlari tasarrufida qolishi koʻrsatib oʻtiladi; Olmaliq shahri bosh plani ishlab chiqilganini hisobga olgan holda koʻp qavatli uy-joy “Yangi Oʻzbekiston” massividan bosh planga muvofiq qurilish inobatga olinadi.
11 oy muddatda mulkdorlarga kvartira topshirilgunga qadar ularga koʻp qavatli uy-joy joylashgan tuman (shahar) hokimiyatining mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari yoki tashabbuskor tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish sharti bilan vaqtinchalik ijaraga turarjoy beriladi. Qurilish ishlari belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmagan taqdirda ijara loyiha tashabbuskori mablagʻi hisobidan qoplanishi inobatga olinadi.
Mulkdorlarga oʻringa-oʻrin ajratishdan ortgan kvartiralar prezidentning “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmoni bilan joriy etilgan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi, shu jumladan, ipoteka krediti boʻyicha subsidiya xabarnomasi olgan fuqarolarga ustuvor tarzda.
Qurilishda energiya tejamkor materiallarini keng joriy etish orqali uy-joy qurilishi vaqti va tannarxini pasaytirish maqsadida: loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish jarayonida ularda energiyatejamkor qurilish materiallari qoʻllanganligiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q