Jamiyat
E-auksion savdo platformasida Toshkent markazidagi Amir Temur maydoni yaqinida joylashgan ikkita maʼmuriy bino boʻyicha savdolar yakunlandi. Spot ikkita davlat mulki bir kompaniya tomonidan 387 mlrd soʻmga sotib olinganiga eʼtibor qaratdi.
Ikkala auksion 4-aprel kuni boʻlib oʻtdi va bitta taklifdan keyin yakunlandi. “Aloqabank” bosh idorasi binosi 10 daqiqa 44 soniyada 317,14 mlrd soʻmga sotildi, bu lotning boshlangʻich bahosidan (302 mlrd soʻm) 5 foizga koʻpdir.
Eng yuqori narx taklifi Black Gold Industry News tomonidan berildi. 9 soniyadan soʻng u Raqamli texnologiyalar vazirligi binosi uchun ikkinchi kim oshdi savdosida ham gʻolib chiqdi. Bu koʻrsatkich ham dastlabkisidan 5 foizga oshib, 69,85 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Yagona korporativ maʼlumotlar portali maʼlumotlariga koʻra, 3-aprel kuni kim oshdi savdosidan bir kun avval “Aloqabank” ushbu kompaniyaga 15 yil muddatga 14 foiz stavkada 390 mlrd soʻm kredit ajratgan. Bu bank aktivlarining 20,4 foizini tashkil etadi. Oʻzbekiston Markaziy banki maʼlumotlariga koʻra, fevral oyida tadbirkorlik subyektlariga berilgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 21,9 foizni tashkil qilgan.
Bankni sotish boʻyicha kim oshdi savdosi shartlarida “Aloqabank” tomonidan koʻchmas mulk sotib olish uchun 7−10 yil muddatga 16 foiz stavkada kredit ajratishi mumkinligi qayd etildi. Oʻz navbatida, AKT vazirligi binosini sotib olish uchun bunday shartlar belgilanmagan.
KTYADR maʼlumotlariga koʻra, Black Gold Industry News 2022-yil 31-yanvarda Samarqandda roʻyxatdan oʻtgan. Ustav kapitali 8 mln soʻm boʻlgan korxonaning asosiy faoliyati togʻ-kon sanoatidir. Yagona asoschisi va rahbari Ziyodullo Ilyosiddin oʻgʻli Jalolovdir.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi birinchi marta AKT vazirligi (oʻsha paytda — Axborot va kommunikatsiyalar vazirligi) joylashgan binoni 2022-yil aprel oyida kimoshdi savdosiga qoʻygan edi. Uch qavatli binoning umumiy maydoni 3666 kv.m boʻlib, bino va unga tutash hududlar davlat tomonidan 66,52 mlrd soʻmga sotuvga qoʻyilgan edi.
Xuddi shu majmuada vazirlik bilan yonma-yon joylashgan “Aloqabank”ning bosh idorasi oʻsha yilning noyabr oyida kimoshdi savdosiga qoʻyilib, eng qimmat lotga aylandi. 2013-yilda qurilgan, maydoni 7345 kv. m boʻlgan bino xaridorga mebel va ofis jihozlari bilan birga taklif etilgan, deb yozadi Spot.
2021-yilda Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning tasarrufidagi tashkilotlar Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga koʻchib oʻtishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Bunday koʻrsatma prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil dekabr oyida berilgan edi.
Vazirlik, bank va boshqa tashkilotlar joylashgan uch qavatli bino 2012-yilda buzilgan “Poytaxt” mehmonxonasi va Toshkent oʻqituvchilar seminariyasining sobiq cherkovi (1898-yilda qurilgan) oʻrnida qurilgan.
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q