Oʻzbekistonda yoshlar koʻproq qaysi kasb egasi boʻlmoqchiligi aniqlandi

Saqlash
17:17 / 06.04.2023 1158 0

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari farzandlar tarbiyasi va ularning kasb tanlashida ota-onalarning roli, shuningdek, buning betashvish keksalik gashtini surishdagi ahamiyatini aniqlashga qaratilgan tadqiqot oʻtkazdi. Tadqiqot doirasida 10 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan bolalarning ota-onalari ishtirokida soʻrov ham oʻtkazilgan.

 

Soʻrovda 2100 kishi ishtirok etgan boʻlib, respondentlarning 72 foizini ayollar, 28 foizini esa erkaklar tashkil etgan. Taʼlim darajasi boʻyicha ularning 4,6 foizi ilmiy darajaga, 36,1 foizi oliy maʼlumotga, 21,2 foizi oʻrta, 38,2 foizi oʻrta maxsus maʼlumotga ega.

 

Soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning 28,7 foizi keksa ota-onasi bilan yashashi maʼlum boʻldi. Farzandlaringiz tarbiyasiga kim koʻproq taʼsir qiladi, degan savolga ota-onalarning 41,6 foizi ona, 27,4 foizi ota, 9,3 foizi bobo va buvilar, 8,1 foizi aka-opalar, 7,3 foizi oʻqituvchilar, 3,7 foizi begonalar va 2,5 foizi boshqa qarindoshlar, deb javob bergan.

 

Soʻrovda ishtirok etganlarning aksariyati (80,2 foiz) farzandlarini maʼlum kasb boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlib, elga taniladigan inson sifatida koʻrishi maʼlum boʻldi. Moddiy taʼminlanganlik va mulk egasi boʻlishi ikkinchi orzu boʻlib qolmoqda (7,9 foiz). Ushbu savolning javoblari ota-onalarning millati va maʼlumot darajasi, farzandning jinsi boʻyicha farq qilmaydi.

 

Aksariyat ota-onalar (95,8 foiz) farzandlari kelajagi borasida oʻzaro maslahatlashgan. 88,3 foiz holatda ularning fikri bir joydan chiqqan boʻlsa, 7,2 foiz holatda fikrlar keskin farqlangan.

 

Soʻrovnoma javoblari shuni koʻrsatdiki, ota-onalar farzandlari kelajagini rejalashtirishda bolalarning fikriga ham eʼtibor bermoqda. Ota-onalarning 97,9 foizi oʻz farzandlari bilan ushbu mavzuda suhbatlashgan boʻlib, 86,3 foizi farzandlarining tanlovini maʼqullagan, 11,1 foizi qisman maʼqullagan, 1,3 foizi esa qoniqmagan.

 

Soʻrovnoma javoblariga binoan, yoshlarda tibbiyot yoʻnalishidagi kasblarga (15,5 foiz) qiziqish kattaligi aniqlandi. Keyingi oʻrinlarni oʻqituvchi (9,7 foiz), IT mutaxassisligi (9,3 foiz), iqtisodchi (sohalar boʻyicha) (8,2 foiz), tadbirkor (7,7 foiz) kabi kasblar egalladi. Respondentlarning 2,5 foizi farzandlari kelajakdagi kasbi haqida hali qarorga kelmaganini taʼkidlagan. Qizlar kutilganidek koʻproq shifokor (16,3 foiz) va oʻqituvchi (13,8 foiz) kasblarini tanlagan boʻlsa, oʻgʻil bolalar birinchi oʻrinda IT mutaxassisligi (18,7 foiz), keyin esa shifokor (13,7 foiz), iqtisodchi (13,2 foiz) va tadbirkor (11,2 foiz) kasblarini afzal koʻrgan.

 

Farzandining kasb toʻgʻrisidagi qarori qanday boʻlmasin, ota-onalarning 81,6 foizi bu qarorni bajonidil qabul qilishini, 12,7 foizi esa ushbu qarorni oʻzgartirish kerakligini iltimos qilishini aytgan.

 

Ota-onalarning 55,7 foizi farzandlariga nisbatan talabchanlik qilish, kerak boʻlganda yordam koʻrsatish, 36,2 foizi nazorat qilish orqali tarbiya berish lozimligini, 6,4 foizi esa farzandlariga erkinlik berish kerakligini qayd etgan.

 

Soʻrovda qatnashgan ota-onalarning 20 foizdan ortigʻi farzandlarining oʻqituvchilari bilan bir oyda bir marta muloqot qilishini, 16,4 foizi esa umuman muloqot qilmasligini bildirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//