Markaziy bank omonatlar orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari shubhali hisoblanmasligini ma’lum qildi

Saqlash
16:55 / 06.04.2023 1121 0

Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 150 mln so‘mdan ortiq karta orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari shubhali hisoblanishi to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirdi

 

Ma’lum bo‘lishicha, Ichki nazorat qoidalarining 49-bandiga kiritilgan mezonlar jismoniy shaxslar o‘rtasidagi kartadan kartaga pul o‘tkazmalari orqali amalga oshiriladigan noqonuniy operatsiyalarni aniqlashga qaratilgan. 

 

Bunday operatsiyalar turiga noqonuniy qimor va garov o‘yinlari bo‘yicha operatsiyalar, firibgarlik holatlari va boshqalar kiradi.

 

Markaziy bank noqonuniy operatsiyalar quyidagi yo‘llar bilan sodir bo‘lishini ta’kidlagan: 

 

– bir jismoniy shaxs tomonidan turli banklarda ochilgan bir nechta bank kartalari yordamida yirik miqdordagi pul mablag‘larini bo‘lib-bo‘lib o‘tkazish;

– pul mablag‘larini konversiya qilish yoki naqdlashtirish maqsadida turli banklarda ochilgan bir nechta bank kartalaridan mablag‘larni bitta kartaga o‘tkazish;

– bitta jismoniy shaxs kartasidan boshqa jismoniy shaxslarning bank kartalariga yoki elektron hamyonlariga ma’lum vaqt ichida ko‘p miqdorda pul mablag‘larini o‘tkazilishi

– bitta jismoniy shaxs kartasiga boshqa shaxslarning bank kartalaridan yoki elektron hamyonlaridan pul mablag‘larini kelib tushishi orqali. 

 

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga yangi kiritilgan o‘zgartirishlarda yuqorida ta’kidlangan operatsiyalarni aniqlash uchun operatsiyalarni amalga oshirilishi davriyligi va miqdoriga tegishli mezonlar kiritilgan.

 

Markaziy bank ushbu yangi qoidalar jismoniy shaxslarning omonatlarini elektron hamyonlariga yoki bank kartalariga qaytarilishi, shuningdek, tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar, xususan, ipoteka krediti yoki avtokredit bo‘yicha boshlang‘ich badal to‘lovi bilan bog‘liq operatsiyalarga tatbiq etilmasligini ma’lum qildi. 

 

Ya’ni shubhali operatsiyalarni aniqlashda omonat va kredit hisobvaraqlari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hisobga olinmaydi va maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//