Farg‘onada odamlarni chuv tushirib yurgan soxta IIB xodimi ushlandi

Saqlash
15:29 / 06.04.2023 978 0

IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organi xodimlarining ijtimoiy himoyasi, xodimlarni obro‘sizlantiruvchi holatlar oldini olish va aniqlash bo‘yicha tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

 

Qayd etilishicha, viloyatning O‘zbekiston tumanida o‘zini “leytenant” deb tanishtirgan soxta xodim ushlangan. Ushbu shaxsdan ichki ishlar organi xodimi kiyimi va qo‘l telefoni daliliy ashyo sifatida olingan.

 

Muqaddam o‘g‘irlik, firibgarlik va talonchilik jinoyatlari bilan shug‘ullangan mazkur shaxs tumandagi maishiy xizmat ko‘rsatish do‘koniga kirib, o‘zini IIB xodimi sifatida tanishtirgan va do‘kon egasiga qo‘lidagi xizmat kiyimining bichimini o‘zgartirib berishini aytgan.

 

Do‘kon egasi boshqa ish bilan band bo‘lgan vaqtda uning e’tiborsizligidan foydalanib, xonada bo‘lgan 1,8 million so‘mlik qo‘l telefonini o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan. Shundan keyin u yana bir fuqaroga o‘zini ichki ishlar organi xodimi deya tanishtirib, uning ham qo‘l telefoni va sumkasidagi pullarini o‘g‘irlagan.

 

Bundan tashqari, gumonlanuvchi yana bir qiz va go‘sht sotuvchini ham chuv tushirgan.

 

Hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxsning barcha qilmishlari fosh bo‘lgan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//