Furqat Siddiqov Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi sifatida ish boshladi

Saqlash
15:42 / 04.04.2023 1128 0

Furqat Siddiqov Oʻzbekistonning Amerika Qoʻshma Shtatlardagi elchisi sifatida faoliyatini boshladi. Bu haqda uning oʻzi Twitter sahifasida maʼlum qildi.

 

“Bugun elchi, protokol boshligʻi Rufus Gifford bilan uchrashdim va ishonch yorliqlari nusxasini taqdim etdim. Biz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi uzoq yillik mustahkam ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish yoʻllari yuzasidan samarali suhbat oʻtkazdik”, — deydi Siddiqov.

 

Eslatib oʻtamiz, 3-mart kuni Oliy Majlis Senati Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi lavozimiga Furqat Siddiqov nomzodini maʼqullagandi.

 

Furqat Siddiqov 1971-yil 7-fevralda Toshkentda tugʻilgan. 1993-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.

 

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.

 

Furqat Siddiqov 2020-yil mayda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari boʻlgan, 2022-yil noyabridan tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

 

2017-yildan buyon Oʻzbekistonning AQSHdagi diplomatik missiyasini Javlon Vahobov boshqarib kelayotgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//