Samarqandda ariqdan 3 yoshli bola oʻlik holda topildi

Saqlash
14:36 / 04.04.2023 979 0

Samarqand viloyati Urgut tumanida 3 yoshli bola ariqdan oʻlik holda topildi. Viloyat FVB holat yuzasidan maʼlumot berdi.

 

Taʼkidlanishicha, tumandagi “Guliston” MFYda yashovchi oilaning 2020-yilda tugʻilgan farzandi uy oldidan oʻtuvchi ariqqa ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan. Bola maʼlum bir masofagacha oqib borgan va mahalliy fuqarolar tomonidan qutqarib olingan. Tez-tibbiy yordam xodimlari tomonidan koʻrsatilgan yordamga qaramay, bola vafot etgan.

 

Voqea joyida oʻrganish ishlari olib borilganida, guvohlarning koʻrsatmalariga asosan mazkur ariqda 20-30 santimetrda suv oqib oʻtgani aniqlangan. “Bu kuchli suv oqimi emas, faqatgina yosh bolani oqizib ketish kuchida boʻlgan”, — deydi FVB masʼuli.

 

Samarqand viloyati Gidrometeorologiya boshqarmasi tomonidan olingan maʼlumotga koʻra, Urgut tumanida 3-aprel kuni soat 10:00 dan 14:00 gacha 12,3 millimetr yomgʻir yogʻgan boʻlib, bu sel va suv toshqinlarining kelib chiqishiga sabab boʻlmaydi.

 

“Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bolaning selda oqib ketgani toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Bu esa asossiz, notoʻgʻri maʼlumotlar hisoblanadi. Bu holatda yosh bola ehtiyotsizligi sabab oqib ketgan. Ota-onalardan farzandlarini nazoratsiz qoldirmasliklarini iltimos qilib qolamiz”, — deya taʼkidlaydi masʼul.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//