Oʻzbekiston tarixini qamrab olgan 100 qismli "Buyuk tarix" nomli film suratga olinmoqda

Saqlash
23:31 / 02.04.2023 1798 0

Ushbu koʻp seriali film «Oʻzbekiston tarixi» telekanali ijodkorlari tomonidan tasvirga olishga kirishildi. Unda yurtimiz tarixi, xalqimiz oʻtmishi, Turon zaminida tashkil topgan davlatlarning bosib oʻtgan yoʻli, xalqlari, millat va elatlari tarixi, ularning madaniyati, sanʼati va adabiyoti kabi muhim omillarga keng eʼtibor qaratiladi.

 

100 qismga moʻljallangan filmning mavzu va ssenariylari, unda koʻtariladigan jihatlar soha mutaxassislari tomonidan keng muhokama qilinib, ilmiy ekspertizadan oʻtkazilgan va ularning ilmiy maslahati asosida mavzu va konsepsiyalari ishlab chiqilgan. Ayni paytda hujjatli xronikal serialning dastlabki qismlarini tasvirga olishga kirishilgan. Buning uchun tarixchi olimlar, jurnalist-muharrirlar, kinoshunos mutaxassislar, kinorejissyor, operator va aktyorlardan iborat malakali ijodiy jamoalar shakllantirilgan.

 

Hujjatli filmlarni tasvirga olishda nafaqat yurtimizda tadqiqot olib borayotgan olimlar, balki xorijiy ilmiy muassasalar va ularning tadqiqotchi va professorlaridan eng soʻnggi ilmiy maʼlumotlar asosida intervyular olinib, hamkorlikda ishlanmoqda. Shuningdek, filmlarning tasvirga olish va montaj jarayonlari uchun ham mahalliy va xorijiy tajriba keng oʻrganilib, zarur oʻrinlarda oʻzaro maʼlumot almashinuvlar yoʻlga qoʻyilgan.

 

Katta shov-shuvlarga sabab boʻlishi kutilayotgan mazkur loyihaning dastlabki tizer namoyishi Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

 

Mazkur katta loyihaning yana bir eʼtiborli jihati shundaki, shonli tariximizning deyarli barcha davrlarini qamrab olgan seriyali filmlar tayyor boʻlgach, «Oʻzbekiston tarixi» va boshqa telekanallarda keng namoyishi yoʻlga qoʻyilishi va taʼlim muassasalariga media oʻquv darslik sifatida tarqatilishi moʻljallanmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//