Maʼnaviyat festivali: “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!”

Saqlash
20:03 / 31.03.2023 1872 0

Fargʻonada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!” shiori ostida Maʼnaviyat festivali boʻlib oʻtmoqda.

 

Unda poytaxtdan kelgan taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, sanʼatkorlar hamda “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati aʼzolari ishtirok etmoqda. Maʼnaviyat festivali Qoʻqon, Quvasoy, Margʻilon shaharlari va Furqat tumanida koʻtarinkilik bilan tashkil etildi.

 

 

Quvasoy shahridagi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinidagi madaniyat markazida boʻlib oʻtgan tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuhammedova va boshqalar yangilanayotgan Konstitutsiya jamiyatimizning milliy taraqqiyot ehtiyojlaridan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat boʻlib, Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishning huquqiy asoslarini mustahkamlashdagi istiqbolli qadam ekanligini taʼkidladi.

 

Samimiy muloqot tarzidagi tadbirda bosh qomusimizdagi muhim oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi.

 

 

“Maʼlumotlarga koʻra, keyingi 25 yilda jahonning 100 dan ortiq davlatlarida konstitutsiyaviy islohotlar kuzatilgan. Birgina XXI asrda 57 ta davlat konstitutsiyasi qabul qilinibdi. Yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻyayotgan har bir davlat oʻz rivoji, fuqarolari farovonligi yoʻlida yangi tahrirdagi qomusga ehtiyoj sezadi. Yangilanayotgan qomusimiz, Yangi Oʻzbekistonning istiqbolnomasi boʻladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganidan dalolat beradi”, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo.

 

 

 

 

Maʼnaviyat festivalida quvasoyliklar yangilanayotgan Konstitutsiya haqida oʻz fikrlarini bildirib, 30-apreldagi referendumda faol ishtirok etishlarini qayd etdi.

 

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Dilfuza Rahimova, “Nihol” mukofoti sovrindori Adolat Ismoilovalarning diltortar qoʻshiqlari barcha tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish