Mutaxassis: Tishdagi toshlar parodontozga olib keladi

Saqlash
21:28 / 31.03.2023 1823 0

Inson salomatligida tishlarning sogʻlom boʻlishi muhim ahamiyatga ega. Biroq bunga doim ham eʼtibor bermaymiz. Oqibatda tishda tosh paydo boʻlib, yoqimsiz holat yuzaga keladi.


Xoʻsh, buning asosiy sababi nima? Undan qanday xalos boʻlish mumkin?

 

Ushbu savollarga stomatolog-shifokor Mirafzal Irxanov javob berdi.

 

— Sogʻlom tishlar, avvalo, organizm salomatligidan darak beruvchi belgi hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Tishlar chaynov jarayonining boshlangʻich boʻgʻini hisoblanib, soʻlak fermentlari yordamida ovqat luqmasini hazm jarayoni uchun tayyorlab berishi bilan ahamiyatli. Sogʻlom tishlar insonga husn va chiroyli tabassum hadya etadi. Ammo ularga oʻz vaqtida eʼtibor berilmasa, tish va ogʻiz boʻshligʻida turli xastaliklar rivojlanishi mumkin.

 

Tish-tosh kasalligi shular jumlasidan. U tish sirtidagi sargʻish yoki kulrang (kashandalarda jigarrang, hatto qoramtir) qatlam hisoblanib, milk usti va ostida, tish boʻynida hosil boʻladi.

 

Toshlar toʻsatdan paydo boʻlmaydi. Asosan ogʻiz gigiyenasiga yetarlicha gʻamxoʻrlik qilinmaganda kuzatiladi. Qolaversa, tishlar shakli, ovqatni chaynashda uni notoʻgʻri taqsimlash, soʻlak tarkibidagi oʻzgarishlar, qattiq yeguliklar yetishmasligi, tamaki chekish, kuchli choy va qahvani koʻp ichish natijasida ham kelib chiqadi. Oqibatda tishlarda dastlab oqimtir qarashlar koʻzga tashlanadi. 

 

Tosh toʻgʻri tozalanib, yuvilganda yoki qattiqroq ovqat chaynalganda osonlik bilan koʻchib tushishi mumkin. Baʼzan uning ichki yuzasini qoplab emal qismiga singib ketadi. Shu bois toshni koʻchirish ancha qiyin. Bu esa asta-sekin milkni ezib qoʻyadi va ular qonaydigan, ogʻizdan qoʻlansa hid keladigan boʻlib qoladi. Shuningdek, yiring ajralib, milk shilliq pardasining yalligʻlanishi (gingivit) va parodontozga olib keladi.

 

Tishda tosh paydo boʻlishining oldini olish uchun ovqatni meʼyorida chaynash (hamma tishlar bilan), suvi qochgan non, sabzi, olma yeb turish lozim. Qolaversa, kasal tishlar va yalligʻlangan milkni oʻz vaqtida davolash, yoʻq tishlar oʻrnini toʻldirish zarur. Qolaversa, ularni kunda 2-marta sifatli tish pastasi bilan yuvish hamda vaqt-vaqti bilan stomatolog koʻrigidan oʻtib turish maqsadga muvofiq.

 

Bugungi kunda tishdagi toshlar ogʻriqsiz usullar – lazer, ultratovush va aerozol oqimi yordamida olib tashlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//