Prezident Nukusdagi texnoparkni ko‘zdan kechirdi

Saqlash
20:38 / 31.03.2023 1808 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus yoshlar texnoparkini borib ko‘rdi.

 

Bu majmua yoshlarning iqtidor va ko‘nikmalarini shakllantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Xususan, kompyuter savodxonligi, grafik dizayn, robototexnika, 3D modellashtirish, akseleratsiya kabi 9 ta yo‘nalishda yiliga 1 ming 500 nafar yigit-qiz tahsil olishi mumkin. Buning uchun zamonaviy texnika, laboratoriya va ustaxona uskunalari o‘rnatilgan.

 

 

Hozirgi kunda o‘quv kurslari bitiruvchilarining g‘oyalari startap shakliga keltirilib, “Bo‘lajak olim”, “Technoways”, “Start4 Region” kabi tanlovlarga 50 ga yaqin loyiha topshirilgan. Shuningdek, “Orol dengizining qurg‘oqchil hududida urug‘chilik plantatsiyasini tashkil etish” mavzusida umumiy qiymati 955 million so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu dengizning qurigan tubidagi yerlardan foydalanish, suvni tejash hamda tuzni kamaytirishga xizmat qiladi.

 

Umuman olganda, ushbu texnopark yoshlarning intilish va g‘oyalarini takomilga yetkazguncha yordam beradi.

 

Davlat rahbariga yosh fermer va olimlarning quritilgan organik pomidor, oqova suvlarni tozalash va baliqlarga ozuqabop o‘simlik loyihalari haqida ma’lumot berildi. Yashil texnologiyalarga asoslangan bu loyihalar Yevropa davlatlarining sertifikatlariga sazovor bo‘lgan.

 

Prezident bu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, amaliyotga kengroq joriy etish kerakligini ta’kidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//