DXX 1,1 mlrd soʻmlik oltin quymalar noqonuniy muomalasiga chek qoʻydi

Saqlash
16:55 / 31.03.2023 1471 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida oltin quymalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi.

 

Dastlab Andijon shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs ogʻirligi 672 gr boʻlgan bir boʻlak oltin quymasini Namangan shahrida istiqomat qiluvchi zargarga 40 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ularning ikkalasi ham ushlandi.

 

Soʻngra ushbu zargar buyurtmasiga koʻra, Olmaliq shahridan ogʻirligi 613 gr boʻlgan bir boʻlak oltin quymasini olib ketayotgan Namangan shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina Chust tumanida toʻxtatilib, ashyoviy dalil protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

 

Boshqa bir holatda esa Namangan shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs Pop tumani hududida Angren shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan uchrashib, undan ogʻirligi 250 gr boʻlgan 3 ta oltin quymasini sotib olgan vaqtida ularning ikkalasi ham ushlangan.

 

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida umumiy bahosi 1 mlrd 124 mln soʻmlik, jami 1 kg 535 gr oltin quymalari hamda 40 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//