20 ming odamni birlashtirsin, hech qanday masala yoʻq – Adliya vaziri Oʻzbekistonda yangi partiya tuzish tashabbuslari haqida

Saqlash
22:18 / 30.03.2023 1223 0

Soʻnggi vaqtlarda bir necha faollar yangi partiyalar tuzish boʻyicha tashabbuslar bilan chiqmoqda. Biroq kerakli miqdordagi ovozni toʻplashda muammolar yuzaga kelmoqda. Solishtirib koʻrilganida, boshqa davlatlarda ovozlar soni nisbatan kamroq belgilangan. Xoʻsh, Adliya vazirligi kuzatilayotgan muammolarni inobatga olgan holda, mazkur talabni qayta koʻrib chiqishni rejalashtirmayaptimi? 20 ming ovoz yigʻish talabi yuridik toʻsiq emasmi? Vazir bu masalaga qanday munosabatda?

 

Oyina.uz muxbiri Shahnoza Toʻramurodovaning mazkur savoliga Adliya vaziri Akbar Toshqulov eʼtiroz bildirdi. Uning qayd etishicha, ushbu talab toʻgʻri va vazirlikka yangi partiya tuzish yuzasidan hech qanday soʻrov kelib tushmagan.

 

"Bizning nuqtayi nazarimizga koʻra, 20 ming koʻp emas. Bu aholining necha foizini tashkil qiladi? Hozir aholi 36 million kishi boʻlsa, bu 1 foizga ham yetmaydi. Bu juda kam, bu "normalni" demoqchiman. Boshqa davlatlarning ham tajribasini oʻrganganmiz. Ularda ham biznikidan keskin farq qilmaydi. Tasavvur qiling, har 5000 yoki 10 000 odam partiya ochaversa, qancha partiya boʻlib ketadi? Yangi partiyalar saylov varogʻiga ham yetmaydi. Shuning uchun bunday “baryer”lar bor.

 

Chunki partiya koʻpchilik aholining manfaatini ifoda qiladigan, koʻpchilikning siyosiy-huquqiy qarashlarini koʻrsatadigan tashkilotdir. Shu sabab butun dunyoda mana shunaqa son boʻyicha cheklovlar bor", dedi vazir.

 

Vazirning soʻzlariga koʻra, partiyani roʻyxatdan oʻtkazish uchun sakkizta viloyatdan ovoz yigʻish kifoya, boshqa muammo mavjud emas. Biroq shu kungacha vazirlikka yangi partiya tuzish borasida biron hujjat kelib tushmagan.

 

"Qonunchilikdagi tartib va talablarga javob bersin, qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Oʻzi jamiyatimizda ham, odamlarning oʻrtasida ham bunaqa [xohish] yoʻq-da. 20 ming odamni birlashtirsin, hech qanday masala yoʻq. Ularning imzosini toʻplash kerak. Imzolar qonuniy boʻlishi kerak. Toʻplasa olib kelsin, qonuniy koʻrib chiqiladi", deydi Akbar Toshqulov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//