Qoraqalpogʻistondagi har bir mahallaga qoʻshimcha 500 mln soʻmdan ajratiladi

Saqlash
20:30 / 30.03.2023 1017 0

30-mart kuni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻistonga kelgan Shavkat Mirziyoyev aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 3 ta yangi tashabbusni ilgari surdi, deb xabar bermoqda OʻzA.

 

Qad etilishicha, Kegeyli tumanida Qoraqalpogʻiston sanoatini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish masalalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtgan.

 

Unda bildirilgan tashabbuslarning birinchisi doirasida Qoraqalpogʻistondagi 452 ta mahallaning har biriga toʻgʻridan-toʻgʻri 500 million soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi.

 

Buning uchun alohida Qoraqalpogʻiston mahallalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinib, unga 2023-yilda 250 milliard soʻm ajratiladi.

 

“Navroʻz bayrami va Mahalla kuni arafasida mahalla raislari, imomlarni ragʻbatlantirdik. Qoraqalpogʻistonda azal-azaldan oʻziga xos tizim — koʻcha-biylar bor. Odamlarimizning hayotini yaxshilashga hissa qoʻshayotgan bunday jonkuyar insonlar mehnatini ham munosib ragʻbatlantirish kerak, deb oʻylayman”, — dedi davlat rahbari.

 

Ikkinchi tashabbus. Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda 47 ming uy-joy va koʻchmas mulklarning kadastri yoʻq. Taʼkidlanishicha, bu odamlarning ipoteka olish, tomorqasida dehqonchilikka kredit, subsidiya olish, yashayotgan boshpanasini farzandlariga meros qoldirish imkoniyatini cheklamoqda. Shu sababli keyingi ikki oyda 38 ming odamning kadastri toʻliq qilib beriladi.

 

Uchinchi tashabbus. Bugun Qoraqalpogʻistonda yiliga 6,5−7 mingta uy-joyga talab bor. Shu bois 2023-yilda oʻtgan yilga nisbatan 2 baravar koʻp yoki 4 mingta uy-joy quriladi.

 

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormaslik uchun kanalimizga aʼzo boʻling.

 

“Bunga qoʻshimcha qilib, faqat Qoraqalpogʻiston aholisi uchun yangi imkoniyat yaratamiz. Yaʼni zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi. Infratuzilmasini ham qilib beramiz. Bunday imkoniyatni boshqa hududlarimizga bermaganmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//