Sotsiologlar Oʻzbekistonda odamlar qanchalik saxovatli ekanini aniqlashdi

Saqlash
17:45 / 30.03.2023 1257 0

World Population Review veb-saytida eʼlon qilingan 2023-yilgi saxovat indeksida Oʻzbekiston 124 davlat orasida 25-oʻrinni egalladi.

 

The World Giving Index — bu davlatning xayriya faoliyati darajasini monitoring qiluvchi indeks. U 2010-yilda Angliyaning Charities Aid Foundation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Reyting Amerika Gellap instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar asosida tuziladi.

 

“Kun.uz”ning eʼtibor qaratishicha, maʼlumotlar shahar aholisi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlar natijalariga asoslangan boʻlib, pul mablagʻlarini xayriya qilish, xayriya tadbirlarida ishtirok etuvchilar miqdori (%), shuningdek, mamlakat aholisining xayriya va koʻngillilar faoliyatiga umumiy munosabatini hisobga oladi. Shuningdek, ehtiyojmandlarga pul yordamidan tashqari boshqa koʻmak turlari ham inobatga olinadi.

 

Mamlakat reytingda qanchalik yuqori boʻlsa, xayriya ishlariga shunchalik koʻp odamlar jalb qilingan hisoblanadi.

 

Shu asosda indeks maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston aholisining 35 foizi xayriya qiladi, 54 foizi begonalarga yordam qoʻlini choʻzadi va 33 foizi koʻngillilik bilan shugʻullanadi. Oʻzbekistonda xayriyaning umumiy darajasi 41 foizni tashkil etadi — bu dunyo reytingida 25-oʻrin.

 

Reytingda birinchi oʻrin AQSH va Myanma fuqarolariga tegishli — 58%. Shuningdek, Yangi Zelandiya (57%), Avstraliya (56%) va Irlandiya (56%) yuqori beshlikka kirgan. Eng quyi oʻrinlarni Yaman (17%), Gretsiya (16%) va Xitoy (16%) egallagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//