1 litr benzin uchun 15 so’m, gaz uchun 100 so’m ustama… Adliya vazirligi TOP 3 ta loyihani e'lon qildi

Saqlash
22:31 / 29.03.2023 1289 0

Kuni kecha Adliya vazirligi jamoatchilik oldida hisobot berdi. Unda vazir Akbar Toshqulov vazirlik faoliyati boʻyicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar, norma ijodkorligi sohasidagi muammolar va kelgusidagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

 

Shuningdek vazirlik mutasaddilari OAV vakillariga departament va boshqarmalar faoliyati haqida tushuntirish berdi. Xususan iqtisodiy qonunchilik boshqarmasida qonun va qarorlar huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi. Ushbu jarayonda byurokratik toʻsiqlar, ortiqcha xarajat va oʻz samarasini bermaydigan normalar chiqarib tashlanadi. Oyina.uz muxbiri Shahnoza Toʻramurodovaning eʼtiborini tadbir davomida eʼlon qilingan TOP 3 ta loyiha tortdi. Ularning 2 tasining chiqarib tashlanishi natijasida 1.3 trilliard soʻmdan ortiq xarajatning oldi olingan.

 

1 litr gaz uchun 15 soʻm, 1 kub.m gaz uchun 100 soʻm ustama

 

“TOP 3” reytingida “Oʻzbekiston Respublikasida "yashil" texnologiyalarni joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaror loyihasi egallab turibdi. Adliya vazirligi ushbu loyihadan:

 

Transport vositalarini DYHXXdan roʻyxatdan oʻtkazishda ichki yonuv dvigatelli yangi avtotransport vositalari qiymatining 0,2 foizi miqdorida toʻlov undirishi;


Ichki yonuv dvigatelining hajmi 2 litr va undan ortiq boʻlgan avtotransport vositasiga egalik qilishda avtotransport vositasining texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun BHMning 2 barobari miqdoridagi toʻlov undirilishi;


Chakana savdo tarmogʻidagi avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi sotishda har bir litr uchun 15 soʻm hamda suyultirilgan gaz va siqilgan gazning chakana savdo shoxobchalarida har bir kub.m uchun 100 soʻm miqdorida maxsus ustama haq undirilishiga oid talablarni chiqarib tashlagan.


Mashina sotgan shaxsga daromad soligʻi

 

Ikkinchi oʻrinda “Soliq va byudjet siyosatining 2023-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qayd etilgan. Mazkur loyihadan xususiy mulk asosida tegishli boʻlgan avtotransportlarni sotishdan olinadigan daromadlar boʻyicha daromad soligʻi undirilishiga oid norma tashlangan. Natijada 776 mlrd soʻm xarajatning oldi olingan.

 

Elektrotexnika uchun utilizatsiya yigʻimi

 

“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi reytingda 3-oʻrinni egallab turibdi. Undan ishlab chiqarilayotgan va import qilinayotgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar uchun utilizatsiya yigʻimini joriy etishni nazarda tutuvchi norma chiqarilgan. Natijada 535 mlrd soʻm xarajat qisqargan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//