“Oʻzsanoatqurilishbank” kapitaliga 125 million dollar, “Asakabank”ka 100 million dollar jalb etiladi

Saqlash
14:18 / 29.03.2023 918 0

Shavkat Mirziyoyev 28-mart kuni “Asakabank” va “Oʻzsanoatqurilishbank” kapitaliga xorijiy investitsiyalar jalb etish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Xabarda iqtisodiyot oʻsishida bank tizimining ahamiyati katta ekanligi qayd etilgan. Mamlakatda bu sohadagi islohotlar natijasida oxirgi uch yilda, banklarning umumiy kreditlari xajmi 2 baravar, kapital xajmi 1,6 baravarga oshgan.

 

Banklar ilk bor nufuzli xalqaro kredit reytinglariga ega boʻlib, xalqaro kapital bozorlarida yevrobondlar joylashtirdi. Xususiy banklar ham koʻpaydi.

 

Shuningdek, Vengriya, Qozogʻiston, Gruziya, Turkiyaning nufuzli banklari Oʻzbekistonga kirib keldi. “Ipotekabank” isloh qilingani natijasida uning kapitaliga strategik xorijiy investor sarmoya kiritdi.

 

Bu ishlarni davom ettirib, “Asakabank” va “Oʻzsanoatqurilishbank”ka ham xorijiy investitsiyalar jalb etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda bu banklarga 30 nafar malakali xalqaro mutaxassislar olib kelindi.

 

 

2023-yil davomida “Oʻzsanoatqurilishbank” kapitaliga 125 million dollar, “Asakabank”ka 100 million dollar mablagʻ jalb qilinishi koʻzda tutilmoqda. Banklarning operatsion faoliyatida zamonaviy dasturiy IT mahsulotlar va 100 dan ziyod yangi bank xizmat turlari joriy etiladi.

 

Amalga oshiriladigan ishlar natijasida 2027-yil natijalari boʻyicha “Oʻzsanoatqurilishbank” daromadi 1,61 baravar, kredit portfeli 1,74 baravarga oshishi koʻzda tutiladi. “Asakabank”da depozitlar 1,71 baravar, bank aktivlarining hajmi esa 1,72. Eng muhimi bu va boshqa Oʻzbekiston banklariga xalqaro moliya bozorlarida ishonch ortadi va ularning faoliyatida qatnashish uchun xorijiy investor va hamkorlarning qiziqishi ortadi.

 

Taqdimotda mazkur jarayonga xalqaro konsultantlarni taklif etish, ularning kapitalini oshirish va qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//