Andijonda o‘quv markaz rahbari 5 yilga qamaldi

Saqlash
16:03 / 28.03.2023 968 0

Baliqchi tumanida AQSHdagi “Jacksonville” universitetiga o‘qishga kiritishni va’da qilib, ikki nafar o‘quvchining 100 million so‘mga yaqin mablag‘ini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan til o‘rgatish markazi rahbari 5 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.


Qayd etilishicha, chet tillarini o‘rgatishga ixtisoslashgan xususiy o‘quv markazi rahbari N.T. (ayol kishi) shu yerda ingliz tilini o‘rganayotgan ikki nafar 11-sinf bitiruvchisini AQSh universitetiga hujjat topshirishga qiziqtiradi.

 

Qishloqdoshlarining soddaligidan foydalangan N.T. o‘quvchisi M.A.dan avvaliga yuqorida nomi tilga olingan universitetda ro‘yxatdan o‘tish xarajatlari uchun 980 dollar, o‘qish oldidan o‘tkazilajak tibbiy ko‘rik xarajatlari uchun deb 1 ming 172, universitet kontrakt shartnomasiga deya 2 ming 200 dollar olishga muvaffaq bo‘ladi. Uddaburon o‘qituvchi shu bilan kifoyalanmay, elchixonadan viza olish, universitet yotoqxonasiga to‘lov qilish, samolyotga oldindan aviachipta xarid qilish bahonasida yana katta miqdordagi pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. Shu tariqa M.A. hamda uning ota-onasini jami 82 million 446 ming 600 so‘mga chuv tushirib, pullarning hammasini shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

 

Uddaburon repetitor markazning yana bir til o‘rganuvchisi A.A.ni ham va’dalariga ishontirib, uning 13 million 239 ming so‘m mablag‘ini o‘zlashtiradi.

 

N.T.ning “Sakkiz oydan so‘ng AQSHga uchib ketasizlar”, degan yolg‘onlariga ishonib, kuta-kuta charchagan jabrlanuvchilar, nihoyat, firibgarlik qurboni bo‘lishganini tushunib yetadilar hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga arz qiladilar.

 

Mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tumani sudi raisi Furqat Sobirov raisligida ko‘rib chiqilib, N.T. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “a,b” bandlari va 28,211-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sud hukmi bilan unga uzil-kesil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish haqidagi to‘xtamga kelindi.

 

Sud hukmi bilan N.Tning qaramog‘idagi uch nafar voyaga yetmagan farzandi sudlanuvchining onasi vasiyligiga topshirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish