Buxoroda er-xotin va ularning farzandi o‘tirgan attraksion uzilib ketdi

Saqlash
12:03 / 28.03.2023 1150 0

Buxoro viloyatida er-xotin va ularning farzandi o‘tirgan attraksion uzilib, ketib 6 metr uzoqlikka uchib ketdi. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB izoh berdi.

 

Qayd etilishicha, joriy yilning 26-mart kuni soat 15:51 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali shifokori M.Bekova viloyat Ichki ishlar boshqarmasining “102” markazlashgan elektron tizimiga qo‘ng‘iroq qilib, Buxoro shahar Fatxobod ko‘chasida yashovchi Q.S., X.A. va ularning farzandi F. A. tan jarohati olib, tibbiy muolaja olish uchun murojaat qilganligini bildirgan.

 

Mazkur xabarnoma Buxoro shahar IIO Faoliyatni muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-son IIB mas’ul xodimlari tomonidan tegishli tartibda qayddan o‘tkazilgan va zudlik bilan hodisa joyiga Buxoro shahar Ichki ishlar organlari FMB tezkor-tergov guruhi yuborilgan.

 

Hodisa sodir bo‘lgan Buxoro shahar Xo‘jag‘unjoriy mahallasi Havzi bodom ko‘chasida joylashgan “Somoniylar” istirohat bog‘i hududida joylashgan “Tvister” nomli YATT R.E. va X.Sh.ga tegishli bo‘lgan charxpalak attraksioni ko‘zdan kechirilganida attraksiondagi oq-qizil rangda bo‘lgan bitta arg‘imchoq o‘z o‘qi atrofidan chiqib, taxminan 6 metr uzoqlikka uchib borib tushganligi natijasida arg‘imchoqda bo‘lgan Q.S. va uning turmush o‘rtog‘i X.A. hamda ularning farzandi F.A. tan jarohati olganligi aniqlangan.

 

“Hozirgi vaqtda jabrlangan fuqarolarning salomatligi yaxshi”, – deyiladi xabarda.

 

Ushbu holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish