Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Qayd etilishicha, mamlakatdagi qulay biznes muhiti samarasida soʻnggi yillarda chet el korxonalari 5 mingtadan 16 mingtaga koʻpaydi. Har bir tuman va shaharga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kirib keldi.
Eksport qiluvchi korxonalar soni besh yilda 4 ming 500 tadan 7 ming 200 tagacha koʻpaydi. Eksport qilinayotgan mahsulot turlari ham 1 ming 500 tadan qariyb 3 mingtagacha oshib, geografiyasi 139 ta mamlakatdan 164 taga yetdi. Tayyor mahsulot eksporti 2 baravarga, ularning tovarlar eksportidagi ulushi 50 foizdan 65 foizga oshdi.
Bu surʼatni izchil davom ettirib, joriy yilda qariyb 11 milliard dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Hududlarda 23 milliard dollarlik 12 mingta yangi loyiha, shu jumladan, 3 mingdan ziyod sanoat loyihalari ishga tushirilishi belgilangan.
Endi ularni amalga oshirib, xalq manfaatiga yoʻnaltirish kerak.
Yigʻilishda mutasaddilar shu boradagi ishlar yuzasidan hisobot berdi. Yil boshidan 764 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgani, 1 ming 300 ta yirik va oʻrta loyihalar ishga tushirilgani qayd etildi. Eksport 3 milliard dollarni tashkil qilgan.
Davlat rahbari bu natijalar yetarli emasligini, dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda ikki karra koʻproq harakat qilish kerakligini taʼkidladi.
Uskunalarni olib kelish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishda logistika masalalari kundan-kunga dolzarb boʻlib bormoqda. Bu holatda xorijiy investitsiyalar jalb qilish ham qiyinlashmoqda. Aniq loyihalar va infratuzilma masalasi ham dolzarb.
Shu bois Prezident ishga tushadigan loyihalar ijrosini hududlar va tarmoqlar kesimida kunlik nazorat qilib, muammolarni hal qilib borish zarurligini taʼkidladi. 304 ta yirik va 3 mingta hududiy loyihalarni ishga tushirilishi natijasida shu yilning oʻzida 10 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish va 200 million dollarlik eksport qilish imkoniyatlari mavjud.
Tashqi bozorlarni doimiy tahlil qilib, yangi bozorlarni oʻzlashtirish, yangi transport yoʻlaklarini topish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Raqobat kuchayib borayotgan ayni paytda mahsulotlar sifatini oshirish va tannarxini tushirish muhimligi qayd etildi.
Yuqori texnologik va qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish tizimini joriy qilish, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Sanoat siyosati tadqiqotlari markazini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q