Andijonda talaba qizning shaxsiy suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik uchun pul talab qilgan shaxs ushlandi

Saqlash
16:27 / 25.03.2023 1360 0

Andijon shahrida talaba qizning shaxsiy suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatmaslik evaziga pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi IIV Kiberxavfsizlik markazi.

 

Qayd etilishicha, Andijon viloyatidagi oliy taʼlim muassasalaridan birida 1-kursda o‘qiydigan 20 yoshli talaba qiz IIBga murojaat qilib, Telegram messenjerida “Panda” nomli profil foydalanuvchisi bilan tanishganini bildirgan. Qiz ushbu foydalanuvchi bilan yaqin munosabatda gaplashgan, so‘ng u qizga tegishli, sir saqlanishi lozim bo‘lgan fotosuratlarini qo‘lga kiritib, ushbu maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish va yaqinlariga yuborish bilan qo‘rqitgan. Mazkur profil foydalanuvchisi bunday qilmaslik evaziga 1 million 150 ming so‘m pul talab qilgan.

 

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida “Panda” profili foydalanuvchisi Andijon shahrida yashovchi 28 yoshli M.A., ekani aniqlanib, u P.M.ni qo‘rqitib, undan kimyoviy ishlov berilgan pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Qonunga muvofiq, M.A. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//