Oʻzbekiston baxtli mamlakatlar reytingida 54-oʻrinni egalladi

Saqlash
15:31 / 25.03.2023 1301 0

World Happiness Report-2023 baxtli mamlakatlar reytingi eʼlon qilindi. Oʻzbekiston ushbu reytingda 1 pogʻona pastlab, 54-oʻrinni egalladi.

 

Hujjatni ishlab chiqishda ekspertlar asosan aholi daromadlari, sogʻliq, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bandlik va korrupsiya darajasi kabi koʻrsatkichlarni hisobga olgan. Bundan tashqari, reytingda mamlakatda fuqarolik erkinliklari, xavfsizlik va kelajakka ishonch hissi mavjudligi, shuningdek, oilalarning barqarorligi koʻrsatkichlari ham inobatga olinadi.

 

“Gazeta.uz”ning eʼtibor qaratishicha, 2023-yilda Finlyandiya koʻrsatkichlar boʻyicha boshqa davlatlarga qaraganda ancha ilgarilab ketgan. Skandinaviya mamlakatidan tashqari beshlikda Daniya, Islandiya, Isroil va Niderlandiya qayd etilgan.

 

Kuchli oʻnlikka Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya, Lyuksemburg va Yangi Zelandiya ham kirgan. Shu bilan birga, Afgʻoniston (137-oʻrin) va Livan (136-oʻrin) dunyodagi eng baxtsiz davlatlar sifatida tan olingan.

 

Maʼlumot uchun, Finlyandiya oltinchi yildirki World Happiness Report reytingida yetakchilik qilmoqda. Kuchli uchlikning qolgan oʻrinlari ham oʻzgarishsiz qolgan (Daniya, Islandiya).

 

2023-yilgi reytingni tuzishda baxtlilik darajasi 2020−2022-yillardagi oʻrtacha 3 yillik koʻrsatkichdan foydalangan holda aniqlangan.

 

Oʻzbekiston baxtli mamlakatlar reytingining 2017−2021-yillardagi hisobotida MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi boʻlib kelayotgan edi. 2021-yilda Oʻzbekiston 42-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2022-yilgi reytingda Qozogʻiston Oʻzbekistondan 13 pogʻona yuqorilab (mos ravishda 40 va 53), MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida ushbu reytingda birinchi oʻrinni egallagan.

 

Besh yil davomida Oʻzbekistonning reytingdagi pozitsiyasi 40-oʻrin atrofida shakllanib turgan.

 

World Happiness Report (Baxtiyorlik toʻgʻrisidagi hisobot) BMTning barqaror rivojlanish yechimlarini izlash boʻlimi tomonidan har yili tuzib kelinadi. Ushbu hisobot va reyting 2012-yildan beri eʼlon qilib kelinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//