1-maydan ayrim fuqarolar go‘sht, tuxum va o‘simlik yog‘i xarid qilsa, ularga QQS qaytariladi

Saqlash
20:02 / 23.03.2023 975 0

O‘zbekistonda 1-maydan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i xarid qilsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

 

Yig‘ilishda ayrim tumanlar ularga oziq-ovqat uchun 70 ming gektar qo‘shimcha maydon berilganiga qaramasdan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi ta’minlay olmayotgani tanqid qilindi. Hokimlar mavjud oziq-ovqat maydonlarini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirishda tashabbus ko‘rsatmayotgani qayd etildi.

 

Shu munosabat bilan yil oxirigacha oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha import bojlaridan imtiyoz berilishi ta’kidlandi.

 

Bundan tashqari, 1-maydan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i xarid qilsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi.

 

Oziq-ovqat yetishtirishni ko‘paytirish uchun shu yilning o‘zida 6,2 trillion so‘m yangicha mexanizmlar asosida ajratiladi.

 

Jumladan:

 

– Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavotchilikning aylanma mablag‘lari uchun 700 milliard so‘m ajratiladi;

– aholiga berilgan yerlarda ko‘chat, urug‘, o‘g‘it va texnika yetkazib berish uchun jami 500 milliard so‘m beriladi.

 

1-apreldan 130 million dollar mablag‘ banklar ishtirokisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorlarga ajratiladi. Bunda bank ustamasi bo‘lmaydi va tadbirkor bozorga qaraganda ancha arzon kredit olish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu mablag‘lar mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va xarid qilish, texnika sotib olish uchun 10 yilgacha 14 foizdan ajratiladi.

 

Shu bilan birga, intensiv bog‘ va tokzorlar, logistika obyektlari tayyor qurilib, tadbirkorlarga lizingga beriladi. Endi, tadbirkor 20 foizini oldindan to‘laydi, qolgan 80 foizini 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘laydi.

 

Bunda tadbirkorlar o‘z loyihalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligining shaffof elektron platformasi orqali taqdim qiladi. Vazirlik loyihalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi moliyalashtiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//