Abdulaziz Komilov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻonistonga bordi

Saqlash
15:23 / 23.03.2023 1060 0

22-mart kuni Oʻzbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afgʻonistonga tashrif buyurdi.

 

TIV maʼlumotiga koʻra, Kobulda Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston bosh vaziri oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul Gʻani Barodar, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa aʼzolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

 

Muzokaralar chogʻida oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afgʻoniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish kabi masalalar muhokama qilingan.

 

Muhim transport-energetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, “Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar” temiryoʻlini qurish, “Surxon–Puli-Xumri” yoʻnalishi boʻylab elektr tarmogʻini tortish masalalari alohida koʻrib chiqilgan.

 

Tomonlar ishning amaliy bosqichiga tezroq oʻtish zarurligini taʼkidlagan va ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqlagan.

 

Muloqotlar chogʻida ayollar huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish, qizlarning Afgʻonistonda taʼlim olishini taʼminlash, shuningdek, Termiz shahridagi Taʼlim markazi negizida afgʻon kadrlarini tayyorlash zarurligi taʼkidlangan.

 

Uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratilgani aytiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//