SSV roʻzadorlarga toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha tavsiyalar berdi

Saqlash
15:08 / 23.03.2023 1129 0

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi roʻzadorlar uchun toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha ishlab chiqilgan tavsiyalar bilan boʻlishdi.

 

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan roʻzadorlar uchun toʻgʻri ovqatlanish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalarga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos boʻlish, qon bosimi va organizmdagi xolesterin miqdorini pasaytirishga erishish mumkin.

 

Xususan:

 

kunduzi havo harorati yuqori boʻlgan paytda salqin va soya joylarda qolish hamda quyoshda uzoq yurmaslik tavsiya etiladi;

 

iftorlik va saharlik oraligʻida koʻp miqdorda suv ichish maqsadga muvofiq, chunki kunduzi havo harorati yuqori boʻlishi koʻp ter ajralishiga sabab boʻladi.

 

Shu bois kun davomida yoʻqotilgan suyuqlik oʻrnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa kamida 10 stakan suv ichish tavsiya etiladi.

 

Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu meʼyorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin desert sifatida hoʻl mevalardan yeyish foydali.

 

“Achchiq-chuchuk” salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv neʼmatlar hisoblanadi. Shoʻrva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham isteʼmol qilish mumkin.

 

Tarkibida kofein mavjud boʻlgan kofe, choy, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan maʼqul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishiga (degidratsiya) olib keladi.

 

“Shuningdek, gazlangan shakarli ichimliklar kaloriyaga boy boʻlishini esdan chiqarmaslik zarur. Kun davomida juda koʻp harakat qilish organizmning koʻp miqdorda suv yoʻqotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlari sizni tonusda ushlab turishi mumkin. Ammo kun boʻyi harakatsiz oʻtirish ham tavsiya qilinmaydi”, — deyiladi SSV bergan tavsiyada.

 

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda Ramazon oyi 23-martdan boshlandi. Ramazon taqvimini bu yerdan topishingiz mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//