Oʻzbekistonda aholi koʻproq qaysi ijtimoiy tarmoqdan axborot olishi maʼlum boʻldi

Saqlash
21:37 / 17.03.2023 2970 0

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tomonidan internet foydalanuvchilari oʻrtasida “Siz koʻproq internetning qaysi yoʻnalishidan axborot olasiz?” nomli soʻrovnoma oʻtkazildi.

 

Soʻrovnomada 11 ming 200 kishi qatnashgan. Soʻrovnomada qatnashganlarning 81 foizi Telegram, 8 foizi Google, 6 foizi Facebook, 4 foizi esa Instagram deya javob bergan. Ishtirok etganlarning 25 foizi 31-36 yosh orasidagilar, 23 foizi 37-45, 18 foizi 25-30, 14 foizi 46-55, 13 foizi esa 18-24 yosh oraligʻidagi kishilarni tashkil etgan.

 

Shuningdek, “Siz har kuni yangiliklarni asosan qaysi manbadan olasiz?” nomli soʻrovnoma ham tashkil etildi. Unda 22 ming 500 kishi qatnashib, shundan 82 foizi asosiy yangiliklarni internetdan olishi maʼlum boʻlgan. 13 foiz foydalanuvchi asosiy axborotni televideniyedan olsa, gazetadan axborot oluvchilar 2 foizni tashkil qilgan.

 

Qayd etish lozimki, soʻrovnomalar natijasiga uning aynan internetda va Telegramʼda oʻtkazilgani ham taʼsir etmay qolmagan.

 

“Bugun zamonning umumiy manzarasi gadjetlar, kompyuterlar, internet dasturlari, sunʼiy intellektlar bilan namoyon boʻlmoqda. Shu bois aholi bilan ishlashda an’anaviy muloqotlar bilan cheklanib qolmasdan, raqamli texnologiyalarga ham alohida e’tibor berish davr talabidir”, – deydi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Kamoliddin Toʻrayev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//