Shavkat Mirziyoyev raisligida Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammiti boʻlib oʻtdi

Saqlash
22:38 / 16.03.2023 3227 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-mart kuni Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ishtirok etdi.

 

Oʻzbekiston yetakchisi raisligida oʻtgan tadbirda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar, TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev hamda Tashkilot institutlari va tuzilmalarining boshqa vakillari qatnashdi.

 

 

Kun tartibiga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam koʻrsatish sohasida koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari hamda tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.

 

Sammit avvalida ishtirokchilar 6-fevral kuni Turkiyaning janubi-gʻarbiy hududlarida roʻy bergan vayronkor zilzilalar qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

 

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida taʼkidlaganidek, bugungi uchrashuv hamda fojia kunlarida Tashkilot mamlakatlari Turkiyaga koʻrsatgan birodarlik yordami turkiy xalqlar eng mushkul damlarda bir-biriga mustahkam tayanch va suyanch boʻlayotgani, ularning doʻstligi va birdamligi qudratli kuch ekanining yaqqol amaliy tasdigʻidir.

 

- Doʻstlarimiz diyorida yuz bergan va misli koʻrilmagan halokatli zilzila barchamizning qalbimizga cheksiz qaygʻu va iztirob soldi. Bu yoʻqotishning oʻrnini hech narsa bilan toʻldirib boʻlmaydi. Zero, bu mudhish ofat natijasida bizning jondan aziz ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimiz qurbon boʻldi va jabrlandi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Biz mudhish fojiada qurbon boʻlgan oʻn minglab begunoh kishilar xotirasini hech qachon unutmaymiz.

 

 

Oʻzbekiston yetakchisi hayotdan bevaqt koʻz yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat ramzi sifatida 6-fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni, deb eʼlon qilishni taklif etdi.

 

Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan boshchiligida tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar va qabul qilingan dasturlarni alohida eʼtirof etib, davlatimiz rahbari zudlik bilan amalga oshirilgan aniq va samarali harakatlar tufayli koʻplab odamlarning hayoti va sogʻligʻi saqlab qolingani, katta miqdordagi mablagʻlar jamlanib, keng koʻlamli qayta tiklash ishlari boshlanganini alohida qayd etdi.

 

- Hozirgi sinovli davrda qardosh turk xalqi Turkiya yetakchisi atrofida jipslashib, oʻzining beqiyos jasorati va mardligi, metin irodasi va yuksak safarbarlik ruhini namoyon etdi, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

 

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston vayron boʻlgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat obyektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga yordam berish va birgalikdagi saʼy-harakatlarni yoʻnaltirishga tayyorligi taʼkidlandi.

 

- Bundan tashqari, talofat koʻrgan hududlardan yoshi ulugʻ insonlar va nuroniylarni yurtimizda sogʻligʻini tiklash va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib beramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shuningdek, Turkiyaning jabr koʻrgan Hatay muzofoti yoshlari ushbu yoz mavsumida Oʻzbekistonga taklif qilindi. Ular uchun mazmunli hordiq va qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlar, yurtimizdagi tengdoshlari bilan qoʻshma tadbirlar tashkil etiladi.

 

 

Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkiloti davlatlari joylashgan hududlar oʻz geografik va geologik xususiyatlariga koʻra tabiiy ofat va xavf-xatarlar faol sodir boʻladigan makon hisoblanishiga eʼtibor qaratdi.

 

- Ming afsuski, soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishlari bu kabi vayronkor hodisalar koʻlami va zararini keskin oshirmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Tashkilotning Tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish va uning asosida qator aniq mexanizmlarni yaratish tashabbusi ilgari surildi.

 

Jumladan, Tashkilot doirasida tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan koʻp tomonlama bitimni tezroq ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada Oʻzbekiston Turkiya tomoni taqdim etgan fuqarolar muhofazasi boʻyicha tizim yaratish haqidagi hujjat loyihasini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Favqulodda vaziyatlar boʻyicha vazirliklar oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini keskin faollashtirish lozimligi qayd etildi. Ularning navbatdagi yigʻilishida eng ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma harakatlar dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.

 

Tabiiy ofatlarning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda yaqindan koʻmak koʻrsatish mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqligi alohida taʼkidlandi. Oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini toʻsiqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish taklifi ilgari surildi.

 

- Ilmiy va texnologik sohalarda erishilgan yutuqlarga qaramasdan, zilzilalar, sel va suv toshqinlari, oʻrmon yongʻinlari, boʻronlarni oldindan aniqlash va erta ogohlantirish hamon dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda. Bu jarayonlarni chuqur oʻrganish, sohaga fan va texnologiyalarni keng joriy etish katta ijobiy samara berishi aniq, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

 

Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari Tashkilot doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish tashabbusini ilgari surdi.

 

Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda vaziyatlarga ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorligini kuchaytirish lozimligiga alohida eʼtibor qaratildi.

 

 

Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Tashkilotdagi qator mamlakatlarda boʻlajak muhim siyosiy voqealar, shu jumladan saylovlarning muvaffaqiyatli oʻtkazilishini tiladi hamda yaqinlashib kelayotgan bahor va yangilanish bayrami – Navroʻz hamda muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.

 

Sammit yakunida Anqara deklaratsiyasi qabul qilindi, Turkiy investitsiya fondini tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzolandi hamda fuqaro muhofazasi mexanizmini shakllantirish yuzasidan bitimni tayyorlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//