Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida nutq soʻzladi

Saqlash
21:58 / 16.03.2023 3090 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida nutq soʻzladi. Nutq matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

Muhtaram Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylari!

 

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

 

Siz, azizlarni Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida koʻrib turganimdan mamnunman. Matonatli turk xalqiga va qadrdon birodarimiz Turkiya Respublikasi Prezidenti, muhtaram Rejep Tayyip Erdogʻan Janobi Oliylariga barcha hamkasblarim nomidan chuqur hamdardlik bildiraman.

 

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyevga bugungi navbatdan tashqari yigʻilishimizni oʻtkazish haqidagi taklifi uchun alohida minnatdorchilik izhor etaman.

 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

 

Bugungi sammitimiz, hozirgina namoyish etilgan videolavha eng mushkul damlarda biz bir-birimizga mustahkam tayanch va suyanch boʻlib kelayotganimiz, doʻstlik va birdamligimiz naqadar qudratli kuchga ega ekanining yaqqol amaliy tasdigʻidir.

 

Doʻstlarimiz diyorida yuz bergan, misli koʻrilmagan halokatli zilzila barchamizning qalbimizga cheksiz qaygʻu va iztirob soldi. Zero, bu mudhish ofat natijasida bizning jondan aziz ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimiz qurbon boʻldi va jabrlandi. Bu yoʻqotishning oʻrnini hech narsa bilan toʻldirib boʻlmaydi.

 

Taʼkidlash joizki, birodar xalqlarimiz ming yillar davomida turli murakkab vaziyat va muammolarni oʻzaro ahillik, mehr-oqibat va hamjihatlik bilan mardona yengib oʻtganlar.

 

Oʻzbekiston xalqi doʻstlarimiz boshiga tushgan ogʻir kunlarda “Turkiya, biz sen bilan birgamiz!” deya bir tan-u bir jon boʻlib, turk birodarlarimizga yordamga shoshildi.

 

Biz mudhish fojiada qurbon boʻlgan oʻn minglab begunoh kishilar xotirasini hech qachon unutmaymiz.

 

Ijozatingiz bilan, hayotdan bevaqt koʻz yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat bajo keltirish maqsadida har yili 6-fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb eʼlon qilishni taklif etaman.

 

Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!

 

Turkiyada bugun muhtaram Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan boshchiligida olib borilayotgan tezkor chora-tadbirlarni, jumladan, aholi uchun yuz minglab yangi uy-joylar qurish va infratuzilmani tiklash boʻyicha gʻoyat muhim reja va dasturlarni alohida eʼtirof etishni istardim.

 

Zudlik bilan amalga oshirilgan aniq va samarali tadbirlar tufayli koʻplab odamlarning hayoti va sogʻligʻi saqlab qolindi, katta miqdordagi mablagʻlar jamlanib, keng koʻlamli qayta tiklash ishlari boshlandi. Bir soʻz bilan aytganda, hozirgi sinovli davrda qardosh turk xalqi oʻzining beqiyos jasorati va mardligi, metin irodasi va yuksak safarbarlik ruhi bilan Turkiya yetakchisi atrofida jipslashmoqda.

 

Barchamiz sizlarga madadkor boʻlib, zilzila oqibatida vayron boʻlgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat obyektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga bor kuchimizni yoʻnaltirishga tayyormiz. Jumladan, biz zilzila markazlaridan biri boʻlgan va qutqaruvchilarimiz ish olib borgan Hatay viloyatining Ovakent hududidagi bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qoʻshish niyatidamiz.

 

Biz barpo etmoqchi boʻlgan koʻrkam uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma obyektlari kelgusida tom maʼnoda yaqin doʻstlik va birdamligimizning yorqin timsoliga aylanishiga aminman.

 

Bundan tashqari, talafot koʻrgan hududlardan yoshi ulugʻ insonlar va nuroniylarning yurtimizda sogʻligʻini tiklashi va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Bu guruhlarga Tashkilotimiz Oqsoqollar kengashi boshchilik qilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

 

Shu bilan birga, biz bu yil yoz mavsumida Hatay yoshlarini ham Oʻzbekistonga taklif etmoqchimiz. Ularning mazmunli hordiq chiqarishlari hamda qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini tomosha qilishlari, ota yurtlarida oʻz tengdoshlari bilan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishlari uchun zarur barcha ishlarni amalga oshirish niyatidamiz.

 

Hurmatli hamkasblar!

 

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, Tashkilotimiz davlatlari joylashgan hududlar oʻz geografik va geologik xususiyatlariga koʻra, tabiiy ofat va xavf-xatarlar faol sodir boʻladigan makon hisoblanadi.

 

Ming afsuski, soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishlari bu kabi vayronkor hodisalar koʻlami va zararini keskin oshirmoqda. Bu yoʻnalishdagi amaliy hamkorligimizni kengaytirish maqsadida quyidagi aniq takliflarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

 

Favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Tashkilotimizning tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari suraman. Bu platforma doirasida aniq mexanizmlarni joriy etish va muhim choralar koʻrishni kechiktirib boʻlmaydigan vazifa, deb hisoblayman.

 

Birinchidan, Tashkilotimiz doirasida tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan koʻp tomonlama bitimni tezroq ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada Turkiya tomoni taqdim etgan fuqarolar muhofazasi boʻyicha tizim yaratish haqidagi hujjat loyihasini toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz.

 

Ikkinchidan, favqulodda vaziyatlar boʻyicha vazirliklarimiz oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini keskin faollashtirishimiz lozim. Ularning navbatdagi yigʻilishida eng ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma harakatlar dasturini ishlab chiqish ayni muddao boʻlar edi.

 

Asosiy diqqatni texnik xavfsizlik talablariga qatʼiy eʼtibor qilish va jahonning eng ilgʻor tajribasini sohaga tatbiq etish; aholining doimiy xabardorligini oshirib borish; qutqaruv xizmatlari mutaxassislarining malaka va tajribasini oshirish; qoʻshma oʻquv mashqlarini oʻtkazishga qaratishimiz kerak.

 

Uchinchidan, bunday kutilmagan va ogʻir sinovli paytlarda ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda yaqindan koʻmak koʻrsatish mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqdir.

 

Soʻz oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini toʻsiqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish haqida bormoqda. Albatta, bugun rasman taʼsis etilayotgan Turkiy investitsiya fondining ilk moliyaviy resurslarini ham ushbu loyihalarga jalb etish mumkin, deb hisoblaymiz.

 

Yana bir muhim masala. Ilmiy va texnologik sohalarda erishilgan yutuqlarga qaramasdan, zilzilalar, sel va suv toshqinlari, oʻrmon yongʻinlari, boʻronlarni oldindan aniqlash va erta ogohlantirish hamon dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

 

Bu jarayonlarni chuqur oʻrganish, sohaga ilmiy va texnologik yangiliklarni keng joriy etish katta ijobiy samara berishi aniq. Shulardan kelib chiqib, Tashkilotimiz doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish boʻyicha tashabbusimizni maʼqullaysiz, deb ishonaman.

 

Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotining ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorligini kuchaytirish lozim. Xususan, Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish global jamgʻarmasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Tabiiy ofatlarni kamaytirish boʻyicha xalqaro strategiyasi kotibiyati, Favqulodda vaziyatlarda harakatlanish markaziy jamgʻarmasi kabi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin aloqalarni oʻrnatish boʻyicha Tashkilotimiz kotibiyati alohida shugʻullansa, oʻylaymanki, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

 

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

 

Soʻzimning yakunida yana bir dolzarb masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.Tashkilotimizning qator davlatlari siyosiy voqealar, xususan, muhim saylovlar arafasida turibdi. Ushbu muhim tadbirlar yuqori saviyada va muvaffaqiyatli oʻtishini chin dildan tilab qolaman.

 

Joriy yilda Turkiya Respublikasi tashkil topganining qutlugʻ 100 yilligi nishonlanadi.

 

Hech shubhasiz, soʻnggi yigirma yilda qardoshim, muhtaram Rejep Tayyip Erdogʻan rahbarligida Turkiya Jumhuriyatining xalqaro maydondagi obroʻ va nufuzi keskin yuksaldi. Davlatning global iqtisodiyot va siyosatdagi oʻrni va taʼsiri izchil ortib bormoqda.

 

Zamonaviy va qudratli Turkiyaning bugungi barcha yutuqlarida va erishayotgan ulkan marralarida hurmatli Prezidentning mislsiz xizmatlari borligini alohida eʼtirof etamiz. Shu bois, barcha qardosh xalqlarimiz nomidan turk eliga murojaat etib, saylovlarda muhtaram Rejep Tayyip Erdogʻan nomzodini toʻliq qoʻllab-quvvatlashga chaqiramiz.

 

Bizning ana shu umumiy istagimiz bugun qabul qilinayotgan Anqara deklaratsiyasida oʻzining ifodasini topishi ayni muddaodir.

 

Fursatdan foydalanib, sizlarni kirib kelayotgan bahor va yangilanish bayrami – Navroʻzi olam hamda muborak Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etaman.

 

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//