BMT bilan hamkorlikda Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihaga start berildi

Saqlash
16:03 / 16.03.2023 894 0

2022-yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar hamkorlikda “Oʻzaro hamkorlik orqali Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” BMT qoʻshma loyihasini birgalikda amalga oshirishni boshladi. Loyihaning boshlangʻich nuqtasida chegaraoldi hududlarda iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish maqsadida oʻzaro yordam guruhlari tuzildi. 

 

Bugungi kunga qadar loyiha doirasida jami 32 oʻzaro yordam guruhlari tashkil qilinib, joriy yilda ham ushbu guruhlar qoʻllab-quvvatlanadi. Xususan, 2023-yil mart – sentyabr oylarida Iqtisodiy salohiyatni oshirish dasturi doirasida guruh aʼzolarining tadbirkorlik koʻnikmalarini oshirish va asbob-uskuna bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

 

Bu safar asbob-uskuna bilan qoʻllab-quvvatlanadigan eng sara biznes tashabbuslarni tanlab olish uchun Namangan va Andijon shaharlarida maxsus tadbir oʻtkazildi. Tadbirda oʻzaro yordam guruhlarining yetakchilari oʻz guruhlarining biznes rejalarini hakamlar hayʼatiga taqdim qildi va eng sara biznes tashabbuslar loyiha tomonidan taqdirlandi.

 

 

“Oʻzaro hamkorlik orqali Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qoʻshma loyihasi BMTning Tinchlik oʻrnatish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan boʻlib, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va BMTning Aholishunoslik boʻyicha jamgʻarmasi (UNFPA) tomonidan birgalikda amalga oshirilmoqda.

 

Qoʻshma loyiha Oʻzbekistonning Andijon va Namangan viloyatlari, Qirgʻizistonning Oʻsh va Jalolobod viloyatlarining chegaraoldi qishloqlarida amalga oshirilayotgan boʻlib, chegaraorti ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur ishlarni amalga oshirishda ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish