Iqtisod
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekistonda insonlarning hayot sikli davomida isteʼmol xarajatlari va daromadlari oʻzgarish xususiyatlari hamda qarz munosabatlariga kirishish holatini tahlil qildi.
Barqaror daromad va isteʼmolning hayot sikli gipotezasiga koʻra, ratsional insonlar daromadi past boʻlgan (bolalik va yoshlik) davrida yetarli darajada isteʼmolni taʼminlash (taʼlim xarajatlarini qoplash, uy va uy jihozlari) uchun (ota-ona, davlat va jamiyatdan) muddatli qarz oladi. Keyinchalik daromadi nisbatan baland boʻlgan oʻrta yoshlarda qarzini qaytaradi, keyingi avlodga qarz beradi va ortganini keksalikka jamgʻaradi, keksa yoshida esa qolgan jamgʻarmalarini isteʼmol qiladi.
Oʻzbekistonda ham barqaror daromad va isteʼmolning hayot sikli gipotezasi ishlashi aniqlandi; unga koʻra, insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan oʻsadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30−50 yosh oraligʻida saqlanib turadi va 60 yoshdan soʻng keskin pasayadi. Bu oʻz navbatida, daromad va isteʼmol orasidagi farq qarz olish orqali kompensatsiya qilinishi zaruratini mavjudligini bildiradi.
Oʻzbekistonda aholi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov (450 kishi) natijalariga koʻra, yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi oʻrtacha 38 yosh) boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi oʻrtacha 49 yosh) daromadining koʻproq qismini qarz toʻlashga sarflayotganini maʼlum qilgan. Bu yuqoridagi nazariy qarashga (barqaror daromad va isteʼmolning hayot sikli gipotezasi) mos keladi.
Bunda, respondentlarning 18 foizi maishiy texnika, 22 foizi uy-joy, 13 foizi avtomobil, 10 foizi oʻqish shartnoma toʻlovi, 11 foizi telefon uchun qarz olgani maʼlum boʻldi. Qolgan 34% respondentlar qarzi yoʻqligini bildirgan. Shundan, 18% respondentlarda oʻz jamgʻarmalari mavjud.
Soʻrovnoma natijalari boʻyicha aholining 10 foizi muddatli tijorat doʻkonlaridan muddatli toʻlovga qarz olishni (10 foizi bank kreditini, qolganlar oʻz va yaqinlari mablagʻi boʻlishini) afzal koʻrishini inobatga olib, Oʻzbekistonda tobora ommalashib borayotgan muddatli toʻlovga uy jihozlarini taklif etish bozori ekspertlar tomonidan oʻrganildi.
Bunda eng ommabop 13 ta internet doʻkonlaridagi talab yuqori boʻlgan bir xil rusumdagi smartfon, muzlatgich, televizor hamda konditsionerlar muddatli toʻlov narxlari tahlil qilindi.
Maʼlumot uchun, Statistika agentligi maʼlumotlariga qaraganda, 2022-yilda har 100 ta uy xoʻjaligiga 309 ta mobil telefon, 115 ta muzlatgich, 171 ta televizor va 45 ta konditsioner toʻgʻri kelgan.
Natijalar shuni koʻrsatadiki, tanlangan bir xil rusumdagi telefon narxi oʻrtacha 4,8 mln soʻm, muzlatgich 8,1 mln soʻm, televizor 6,8 mln soʻm va konditsioner 6,1 mln soʻmdan sotilayotgani aniqlandi.
Aynan mazkur tovarlar doʻkonlar tomonidan 12 oyga muddatli toʻlov orqali yillik stavkasi oʻrtacha 70 foizdan 77 foizgacha xaridorlarga taqdim etilmoqda.
Shu bilan birga solishtirish uchun, hozirgi kunda tijorat banklari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq ajratilayotgan isteʼmol krediti stavkalari 17 foizdan 38 foizgachani tashkil etmoqda.
“Ushbu bozorlarda narxlar va muddatli foiz toʻlovlari oʻrtasidagi katta tafovut bir tomondan, aholi orasida maʼlumotlarning notekis taqsimlanganligi (information asymmetry) hamda ularning moliyaviy savodxonligini yanada yaxshilash buyicha tadbirlarga ehtiyoj borligini koʻrsatadi. Ikkinchi tomondan, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan norasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan aholi muddatli toʻlov bozoridan koʻproq foydalangan boʻlishi mumkin”, deyiladi PMTI tahlilida.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q