DXX katta miqdordagi giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasiga chek qoʻydi

Saqlash
12:03 / 10.03.2023 924 0

DXX Chegara qoʻshinlari va Namangan viloyati boʻyicha Boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotik moddalarning oʻzbek-qirgʻiz davlat chegarasidan noqonuniy oʻtkazilgan holati aniqlandi.

 

Jumladan, davlat chegarasining Yangiqoʻrgʻon tumani hududidan oʻtuvchi qismida nomaʼlum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan 14 kg 512 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

 

Hozirda holat yuzasidan DXX Namangan viloyati boʻyicha Boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ushbu giyohvandlik vositalari egalarining shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

DXX Toshkent shahar boʻyicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Namangan-Toshkent yoʻnalishida harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtomashina Ohangaron tumani hududida toʻxtatildi.

 

Avtomashina koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, 2002-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan fuqaroga tegishli qoʻl sumkasi ichida 50 gr “geroin” moddasi, 672 dona “Regapen” va 300 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

 

Tezkor tadbir davom ettirilib, Qirgʻiziston fuqarosi tomonidan Yangiqoʻrgʻon tumani hududiga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazilgan ushbu giyohvandlik vositalarini 1800 AQSH dollariga sotib olgan, 1996-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan shaxs ham Ohangaron tumanidagi “Chinor” YPX maskanida ushlandi.

 

Mazkur shaxslarning biri Toshkent shahridagi davlat, ikkinchisi esa nodavlat universitetlarning talabalari hisoblanib, ular poytaxt hududida narkotik moddalar savdosi bilan shugʻullanishgan.

 

Hozirda ushbu fuqarolarga nisbatan DXX Toshkent shahar boʻyicha Boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 246, 251-1 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish