Konstitutsiyaga takliflar yakunlari boʻyicha maslahatlashuv boʻlib oʻtdi

Saqlash
02:14 / 07.03.2023 1713 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvda Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari boʻyicha maslahatlashuv boʻlib oʻtdi.

 

Deputatlar jamoatchilik tomonidan yuborilgan 200 mingdan ortiq takliflarning har birini sinchiklab oʻrganib chiqishdi, bunda xalqaro tajriba ham inobatga olindi, turli sohalardan yetuk mutaxassislar va ekspertlar jalb etildi.

 

 

Bir necha oy davom etgan oʻrganishlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yakuniy tahriri tayyorlandi.

 

Mazkur qonun loyihasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va davlat boshqaruvi sohalariga oid oʻta muhim oʻzgarishlar aks etgani sababli qonun loyihasini referendumga qoʻyishdan avval deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasida belgilangan qonunchilik tashabbusiga ega subyektlar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazmoqda.

 

 

Bunda parlament va hukumat, jamoatchilik vakillari qonun loyihasiga oʻz takliflari va fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

 

Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan alohida koʻrib chiqilishi va xulosa berilishi qayd etildi.

 

Maslahatlashuvlar davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//