“Sport siyosatdan xoli tamoyilini qoʻllab-quvvatlaymiz”. Oʻzbekiston Boks federatsiyasi Toshkentda oʻtadigan JCH-2023 yuzasidan munosabat berdi

Saqlash
17:11 / 03.03.2023 1893 0

Oʻzbekiston boks federatsiyasi joriy yil poytaxtimizda boʻlib oʻtadigan erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionati xususida baʼzi internet manbalarida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

“Bugungi kunda dunyoda hukm surayotgan siyosiy vaziyat sabab ayrim internet manbalari va ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 30-aprel — 14-may kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan boks boʻyicha jahon chempionati haqida noxolis xabarlar tarqalmoqda. Oʻzbekiston boks federatsiyasi shu oʻrinda vaziyatga oydinlik kiritib oʻtadi”, — deb boshlangan tashkilotning rasmiy munosabati.

 

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston musobaqani qabul qilish huquqini qoʻlga kiritgan vaqtda milliy jamoalarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki boʻyicha bugungi cheklovlar boʻlmagan.

 

“Har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etiladi. Oʻzbekiston tomoni musobaqada ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan mamlakatlarning qatnashish yoki qatnashmasligini belgilash vakolatiga ega emas. Oʻzbekiston musobaqani oʻtkazuvchi davlat hisoblanadi va tashkiliy masalalar bilan shugʻullanadi.

 

Chempionat qatnashchilari, terma jamoalar, sportchi va murabbiylar, hakamlarni roʻyxatdan oʻtkazish IBA tomonidan amalga oshiriladi. Mamlakatimiz musobaqani qabul qilish huquqini qoʻlga kiritgan vaqtda terma jamoalar yoki sportchilarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki boʻyicha bugungi cheklovlar yoʻq edi.

 

Oʻzbekiston xalqaro sport normalariga rioya qiluvchi davlat boʻlib, sport siyosatdan holi tamoyilini qoʻllab-quvvatlaydi”, — deyiladi munosabatda.

 

Qayd etish kerak, avvalroq AQSH, Chexiya, Irlandiya kabi boks federatsiyalarining Toshkentdagi musobaqada ishtirok etmasligi, Buyuk Britaniya va Kanadaning ham shunday qarorga yaqinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Bunga sabab sifatida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti Umar Kremlyovning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi, tashkilotning oʻzi esa “Gazprom”ga qaramligi bilan izohlangan.

 

Bundan tashqari, IBA tomonidan Rossiya va Belarus boks federatsiyalariga qoʻyilgan sanksiyalarning yumshatilishi ham bunga asosiy sabab sifatida koʻrsatilyapti.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//