Piyodalar uchun sariq jilet majburiy emasligi ma’lum qilindi

Saqlash
22:34 / 01.03.2023 1047 0

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati O‘zbekistonda piyodalar uchun sariq jiletlardan foydalanish tartibi joriy etilishi haqidagi xabarni rad etdi. Ma’lum qilinishicha, bu tavsiyaviy ahamiyatga ega norma hisoblanadi.

 

«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-aprel kunidagi «Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 172-son qaroriga muvofiq, fuqarolarning, ayniqsa, bolalarning yo‘l-transport hodisalari hamda oqibatlaridan himoyalanganligini ta’minlash maqsadida sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda yo‘lni kesib o‘tishda va yo‘l yoqalaridan yoki qatnov qismining chetidan harakatlanishda, piyodalarning ustki kiyimida nur qaytaruvchi elementlar bo‘lishi inson hayotini saqlab qolish uchun muhim ekanligini keng targ‘ib qilish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, ya’ni ushbu norma tavsiyaviy ahamiyatga ega.

 

Yo‘l harakati qoidalarining 167-bandiga ko‘ra, velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementli parchalari bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shartligi belgilangan.

 

Jamoatchilik va OAVdan turli taxmin va mish-mishlardan iborat axborotni tarqatmasliklarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

 

1-mart kuni O‘zA agentligi O‘zbekistonda endi yo‘laklarda harakatlanuvchi piyodalar uchun sariq jiletlardan foydalanish tartibi joriy etilishi to‘g‘risida xabar bergandi. IIV raddiyasidan keyin esa agentlik xabariga to‘ldirish kiritib, Adliya vazirligi izohini keltirgan.

 

«Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar hamda yo‘lni ta’mirlashga mas’ul xodimlar qorong‘ida nur qaytargichli kamzulda bo‘lishi kerakligi belgilangan.

 

Mazkur talab boshqa shaxslarga, shu jumladan piyodalar uchun majburiy emas, tavsiyaviy xarakterga ega.

 

Shuningdek, qonunchilikda Ichki ishlar vazirligi tomonidan piyodalarning qorong‘ida harakatlanayotganda nur qaytaruvchi ustki kiyimda bo‘lishini targ‘ib qilish yo‘l transport hodisalarining oldini olishda muhim vazifalardan biri ekanligi qayd etilgan», deyiladi xabarda.

 

Mavzuga doir: Oʻzbekistonda piyodalar uchun sariq jiletlardan foydalanish tartibi joriy etiladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//