Oʻzbekistonda uy-joyga ega boʻlmaganlar uchun yangi dastur ishlab chiqiladi

Saqlash
17:02 / 01.03.2023 32494 0

2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga binoan uy-joyga ega boʻlmaganlar uchun yangi dastur ishlab chiqiladi.

 

“Yangi Oʻzbekiston” massivlarini rivojlantirish va aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadida 2023-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 1,6 baravarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi. Bunda uy-joy hamda ijtimoiy va savdo obyektlarini loyihalashtirish va qurishda avtotransport vositalarining turargohlari, shu jumladan koʻp qavatli va yerosti avtoturargohlar majburiy ravishda barpo etilishi taʼminlanadi.

 

32 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat budjetidan yetarli mablagʻlar yoʻnaltiriladi.

 

Bundan tashqari, aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega boʻlmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqiladi.

 

Xalqaro va mahalliy fond birjalarida “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish uchun kompaniyaning ustav fondi 100 mln AQSH dollari ekvivalentiga yetkaziladi. Bunda, ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish hisobiga jalb qilingan mablagʻlar ipoteka kreditlari uchun resurs sifatida banklarga joylashtiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//