1-martdan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
16:12 / 28.02.2023 1241 0

2023-yil 1-martdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.

 

Banklar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatishni moliyalashtirishadi

 

Amalga kiritilayotgan “yashil energiya” bank moliya mahsuloti tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish va oʻrnatish, energiya tejamkor texnologiyalarini joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish uchun moʻljallashtirilgan.

 

Elektr va gaz isteʼmoli boʻyicha huquqbuzarliklar elektron rasmiylashtiriladi

 

Nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida Oʻzenergoinspeksiyaga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻztransgaz” AJlarning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilgʻi-energiya resurslari isteʼmoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

 

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarlik boʻyicha tuzilgan dalolatnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish va tegishli maʼlumotlarni “E-maʼmuriy ish” tizimiga kiritish tartibi joriy etiladi.

 

IT-park rezidentlari uchun toʻlov majburiyatlari miqdori kamaytiriladi

 

IT-park direksiyasi uning rezidentlari tomonidan har oy oʻtkaziladigan ajratmalar miqdorini, ular tomonidan yaratilgan dastur, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar auditoriyasining qamrovi 500 ming foydalanuvchidan oshganda 25 foizga, 1 million foydalanuvchidan oshganda 50 foizga pasaytiradi.

 

Davlat xaridlari boʻyicha cheklovlar oʻrnatilmoqda

 

Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi BHMning 3 500 baravari va undan yuqori boʻlgan davlat xaridlari boʻyicha buyurtmalar toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar asosida bajarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Shuningdek, vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) oʻrtasida qiymati BHMning 3 500 baravari va undan yuqori boʻlgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

 

Soliq tekshiruvlari ustidan sudga shikoyat kiritish mumkin boʻladi

 

Soliq toʻlovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilgan qarorlari ustidan toʻgʻridan toʻgʻri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi.

 

Ikkita tashkiliy-huquqiy shakl bekor boʻlmoqda

 

Unitar korxona va qoʻshimcha masʼuliyatli tashkilot shaklida yuridik shaxs tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi, 2025-yil 1-yanvarga qadar esa mazkur shakldagi yuridik shaxslar boshqa shaklda qayta tashkil etiladi.

 

Qimmatli qogʻozlar haqida maʼlumotlar OAVda eʼlon qilinadi

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki kunlik muddatda OAV va (yoki) oʻzining saytida quyidagi maʼlumotlarni eʼlon qiladi:

 

  • qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, uni toʻxtatib turish, amalga oshmagan yoki haqiqiy emas deb topish;
  • qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya berish, uning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, litsenziyani bekor qilish;
  • qimmatli qogʻozlar bozorida qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishi, xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarish huquqini beruvchi malaka sertifikatini berish.

 

QQS toʻlovchilar aktivlari haqidagi maʼlumotni “E-aktiv”ga kiritishga majbur boʻlishadi 

 

QQS toʻlovchilar va ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 % va undan koʻproq miqdorda boʻlgan yuridik shaxslar uchun quyidagilar majburiy hisoblanadi:

 

  • xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobga olish (sotib olish (qurish), ishga tushirish, qayta baholash, tasarruf etish) hamda oʻz ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish va kamaytirish bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni davlat soliq organlarining “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish;
  • xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan xoʻjalik faoliyati davomida tovar-moddiy zaxiralar saqlash muddati tugagach yaroqsizligi, jismonan va maʼnan eskirganligi natijasida yoʻq qilinganda va kamomad, yoʻqotish yoki shikastlanish (sinish, boʻlinish) sababli hisobdan chiqarilganda uch ish kunidan kechiktirmasdan “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aks ettirish.

 

Eksternat tartibida imtihonlar topshirish uchun arizalar qabul qilish boshlanadi

 

Oʻquvchilar eksternat tartibida imtihonlar topshirish uchun YAIDXP orqali arizalarni qabul qilish muddati 1-mayga qadar davom etadi.

 

Etnosport boʻyicha musobaqalar oʻtkaziladi

 

2023-yildan boshlab etnosport turlari boʻyicha har yili musobaqalar oʻtkaziladi. Xususan, Toshkent shahrida har yili etnosport turlari boʻyicha “Uzbekistan Ethno Games” respublika festivali, Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali tashkil qilinadi. Bunda “Ichan qalʼa” majmuasida festivalning ochilish va yopilish marosimlari oʻtkaziladi.

 

Qiynoqqa solishga qarshi kurashish boʻyicha kurslar tashkil etiladi

 

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//