Toshkentda noqonuniy diniy taʼlim bergan 6 kishi jarimaga tortildi

Saqlash
10:02 / 28.02.2023 858 0

Fevral oyida professional diniy maʼlumotga ega boʻlmagan holda “oʻzboshimchalik bilan shaxsiy diniy tushunchalarini boshqalarga pul evaziga sotishni kasb qilib olgan” qator fuqarolarning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

 

Unga koʻra, Sergeli tumanidagi “Yangi Sergeli” mahallasida joylashgan Yasin academy nomli oʻquv markazida arab tilini oʻrgatish bahonasida fuqarolarga noqonuniy ravishda diniy taʼlim berish holati aniqlangan.

 

Oʻquv markazi rahbari fuqaro A.N. arab tilini oʻqitishga tegishli ruxsatga ega boʻlmasdan, mehnat qonunchiligiga zid ravishda hech qanday shartnoma, buyruqlarsiz oʻzaro ogʻzaki kelishuv asosida fuqarolar N.Sh. va Sh. I.larni jalb qilib, 5 nafar voyaga yetmagan maktab oʻquvchisiga moddiy manfaatdorlik evaziga oʻz shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda noqonuniy diniy taʼlim bergan.

 

Shuningdek, Mirobod tumanida fuqaro A.L. Telegram messenjerida “Tanishlarim” nomli virtual guruh tashkil qilib, hech qanday diniy bilimga ega boʻlmasdan 3 nafar fuqaroga moddiy manfaatdorlik evaziga onlayn tarzda noqonuniy diniy taʼlim berib kelganligi aniqlangan.

 

Shayxontohur tumanidagi “Boʻston” mahallasida ijarada yashovchi fuqaro K.K. va uning turmush oʻrtogʻi X.M.lar yashash manzilida moddiy manfaatdorlik evaziga 4 nafar voyaga yetmagan shaxsga noqonuniy diniy taʼlim bergani maʼlum boʻldi.


Taʼkidlanishicha, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining 3-moddasiga binoan diniy taʼlim muassasalaridan tashqarida diniy taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish qonunga xilof diniy faoliyat hisoblanadi hamda javobgarlikka sabab boʻladi.

 

Tegishli sud idoralari tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 241-moddasiga (Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish) muvofiq, fuqarolar A.N.ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida, Sh. I., K.K. va X.M.ga — 5 barobar, N.Sh.ga — 3 barobar, A.L.ga — 1 barobar miqdorda jarima jazosi tayinlandi.

 

Boshqarma diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, Jinoyat kodeksining 229−2-moddasiga (Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish) asosan jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishini eslatib oʻtdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish