Messi va Argentinaga atalgan oqshom. FIFA The Best–2022 sovrinlarini topshirdi

Saqlash
09:02 / 28.02.2023 1144 0

FIFA 27-fevral, dushanba oqshomida mavsumning eng yaxshilariga The Best sovrinlarini topshirdi.

 

Yilning eng yaxshi oʻyinchisi sifatida “PSJ” klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi eʼtirof etildi. Ushbu sovringa, shuningdek, fransiyalik futbolchilar Kilian Mbappe (“PSJ”) va Karim Benzema (“Real”) daʼvogarlik qilgandi.

 

Yilning eng yaxshi murabbiyi nomiga Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni munosib topildi. Ushbu sovringa daʼvogarlar uchligida Karlo Anchelotti (“Real”) va Xosep Gvardiola (“Manchester Siti”) ham oʻrin olgandi.

 

Argentina terma jamoasining yana bir vakili Emiliano Martines (“Aston Villa”) esa yilning eng yaxshi darvozaboniga aylandi. Bu borada Martinesga Tibo Kurtua (“Real”, Belgiya) va Yassin Bunu (“Sevilya”, Marokash) raqobatchilik qilgandi.

 

Yilning eng chiroyli goli muallifiga topshiriladigan “Pushkash sovrini”ga polshalik Marchin Oleksi ega chiqdi.

 

Mavsumning ramziy terma jamoasi quyidagicha koʻrinish oldi:

 

Darvozabon: Tibo Kurtua (“Real”, Belgiya);

 

Himoyachilar: Ashraf Hakimi (“PSJ”, Marokash), Joau Kanselu (“Manchester Siti”, Portugaliya), Virjil van Deyk (“Liverpul”, Niderlandiya);

 

Yarim himoyachilar: Kevin de Bryuyne (“Manchester Siti”, Belgiya), Luka Modrich (“Real”, Xorvatiya), Kazemiro (“Manchester Yunayted” / “Real”, Braziliya);

 

Hujumchilar: Lionel Messi (“PSJ”, Argentina), Kilian Mbappe (“PSJ”, Fransiya), Karim Benzema (“Real”, Fransiya), Erling Holand (“Manchester Siti” / “Borussiya D”, Norvegiya).

 

 

Shuningdek, quyidagi sovrinlar ham oʻz egalariga topshirildi:

 

Eng yaxshi futbolchi (ayollar) — Aleksiya Putelyas (“Barselona”, Ispaniya);

Eng yaxshi darvozabon (ayollar) — Meri Erps (“Manchester Yunayted”, Angliya);

Eng yaxshi murabbiy (ayollar) — Sarina Vigman (Angliya ayollar terma jamoasi);

Eng yaxshi muxlislar — Argentina terma jamoasi muxlislari;

Feyr-pley sovrini — Luka Lokoshvili (oʻyin vaqtida raqib futbolchisini saqlab qolishga yordam bergan);

Maxsus sovrin — Pele.

 

Sovrindorlar 2021/22-yilning mavsumning boshlanishidan JCH—2022 ning tugashigacha boʻlgan davrdagi natijalar boʻyicha aniqlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish