Jamiyat
Qoraqalpogʻistonning Kegeyli tumanidagi bir necha maktabda oʻquvchilarga isteʼmolga yaroqsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilayotgani aniqlandi. Bu haqda Joʻqorgʻi Kenges Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududiy sanitariya epidemiologiya boʻlimi xodimlari tomonidan Kegeyli tumanidagi 1, 8, 19 va 55-sonli umumtaʼlim maktablarida oʻrganish ishlari olib borilganda bir qator qoʻpol xato va kamchiliklar aniqlangan.
Xususan, bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan meʼyordan past boʻlib, ichimlik suvi va issiq choy bilan taʼminlash uchun sharoit yetarli emas.
“Eng achinarlisi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati oʻrganilsa, olma sharbati isteʼmolga yaroqsiz holatda ekani, bundan tashqari, qadoqlangan mahsulotlarga zararkunandalar tomonidan ziyon yetkazilgani maʼlum boʻldi. Qolaversa, ushbu oziq-ovqat mahsulotlari maxsus avtomashinalarda emas, balki yoʻlovchi transportida yetkazib beriladi. Bundan tashqari, turli maktablarda kundalik oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qiluvchi komissiya tarkibi tuzilmagan”, deyiladi xabarda.
Hozirda kuzatuv tashkilotlari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora koʻrish boʻyicha tegishli tartibda ishlar olib borilayotgani aytilmoqda.
“Aytish joizki, bolalarning ovqatlanishi talablari bajarilishi yuzasidan respublikaning barcha maktablarida oʻquv-tarbiya ishlari olib borilib, maktab direktorlari va aybdorlarga qattiq jazo choralari koʻrilmoqda”, deya taʼkidlanadi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, Davlat dasturining 211-bandiga muvofiq, 2022-yilning 1-aprelidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilgan.
Prezidentning 2022-yil 20-dekabardagi Oliy Majlisga murojaatnomasida esa kelasi oʻquv yilidan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion soʻm ajratilishi qayd etilgan.
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q