Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati bilan tanishdi.
Maʼlumki, bu taʼlim muassasasi 1994-yilda Jizzaxda tashkil etilgan. Lekin u yerda boʻlajak uchuvchilar amaliyot oʻtashi uchun sharoit yetarli emasdi.
Davlat rahbari 2018-yilda Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromida boʻlganida harbiy uchuvchilar tayyorlashda ushbu aerodrom imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar bildirgandi. Shu asosida, oliy harbiy aviatsiya bilim yurti 2019-yilda Qarshi shahriga koʻchirildi. Oʻquv va mashgʻulot binolari zamonaviy trenajyorlar, uskunalar, axborot texnologiyalari bilan jihozlandi.
Bu kursantlarga Xonobod aerodromida harbiy havo kemalarini boshqarish va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha mashgʻulotlar olib borish, bevosita oʻquv poligonlarida ishtirok etish imkonini bermoqda. Parvozga tayyorgarlik markazi va axborot-resurs markazi, 4 ta mutaxassislik yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv laboratoriyalari harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
120 oʻrinli madaniyat markazi, 400 oʻrinli yotoqxona, oshxona, saf maydoni va sport shaharchasi kursantlar ixtiyorida. Ayni paytda bu yerda 276 nafar kursant taʼlim olmoqda.
Prezident muassasadagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Yoshlar bilan suhbatda oʻz mutaxassisligiga qoʻshimcha xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni puxta oʻrganishning ahamiyati taʼkidlandi.
Har bir davlatning mudofaasi uning qudratini koʻrsatadi. Mudofaani esa sizga oʻxshagan bilimli, aqlli, irodali harbiylar, muhandis va uchuvchilar taʼminlaydi. Bunga munosib boʻlish uchun doim oʻqib-oʻrganib, oʻz ustingizda ishlab, har tomonlama barkamol boʻlib yetishishingiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oliy Bosh Qoʻmondon bilim yurti oshxonasida kursantlar bilan birga tushlik qildi. Sport va oʻquv mashgʻulotlarini koʻrdi. Oʻquv yurti uzra hujumchi, qiruvchi, transport samolyotlar, jangovar vertolyotlar ishtirokida harbiy aviatsiya parvozlari namoyish etildi.
Mutasaddilarga dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlardan kelib chiqib, havo mudofaasini yangi pogʻonaga koʻtarish, tajriba tariqasida uchuvchisiz qurilmalar yigʻishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Ushbu bilim yurti faoliyatini ham shunga muvofiq takomillashtirish, xorijiy muassasalar bilan qoʻshma taʼlim dasturlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q