“Abdulla Oripov” badiiy filmining suratga olish ishlari yakunlandi (video)

Saqlash
15:02 / 24.02.2023 1877 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 21—22-aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Oʻzbekiston qahramoni, shoir Abdulla Oripovning ibratli hayoti va ijodiy faoliyati haqida badiiy film suratga olish haqida topshiriq bergan edi. Mazkur topshiriq asosida Kinematografiya agentligi tomonidan “Abdulla Oripov” nomli badiiy film suratga olindi.

 

Ushbu kartinada adibning bolaligi, oʻsmirlik va yoshlik davri, taqdir sinovlari, oʻy-kechinmalari hamda hayotining soʻnggi damlari aks ettirilgan.

 

Tasvirga olish ishlari Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent hamda Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlib oʻtdi.

 

 

Maʼlumot uchun, filmning ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonovlardir. Bosh rejissor Muzaffarxon Erkinov, bosh operator Ravshan Mirzakamolov, bastakor Muinzoda, bosh rassomlar Qahramon Matkarimov, Oʻktam Isirgapov. Badiiy rahbar Shuhrat Rizayev, bosh prodyuser Firdavs Abduxoliqov. Qudratilla Burxonov, Gulchehra Jamilova, Shodmonqul Salom, Rayhon Asadova, Jasur Abdurahmonov, Muhammadali Abduqunduzov kabi aktyorlar kartinada bosh rollarni ijro etishgan.

 

Abdulla Oripov 2016-yilning 5-noyabr kuni 76 yoshida vafot etgan. U Xyustondagi (AQSH, Texas shtati) shifoxonada hayotdan koʻz yumgan.

 

Shoirning hayoti va faoliyati davomida birinchi sheʼrlar toʻplami “Mitti yulduz” 1965-yili chop etilgan. Keyin “Koʻzlarim yoʻlingda” (1967), “Onajon” (1969), “Ruhim” (1971), “Oʻzbekiston”, “Qasida” (1972), “Xotirot” (1974), “Yurtim shamoli” (1974), “Hayrat” (1979), “Najot qalʼasi” (1981), “Yillar armoni” (1983) sheʼriy toʻplamlari bosilib chiqdi.

 

Abdulla Oripov “Jannatga yoʻl” (1978), “Tabib va oʻlim” (1980), “Sohibqiron”, asarlari muallifidir. 2000−2001-yillarda Abdulla Oripovning toʻrt tomlik “Tanlangan asarlar”i nashrdan chiqdi.

 

Abdulla Oripov – Oliy Kengashning 1992-yil 10-dekabrdagi 11-sessiyasida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi muallifi.

 

Shoir Dantening “Ilohiy komediya”si, Nekrasov, Shevchenko, Kuliyev va koʻplab mualliflarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

 

Film treylerini bu yerda koʻrish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish