Professor Qahramon Rajabov bir yilda 8 ta kitob nashr ettirdi

Saqlash
11:57 / 23.02.2023 2906 0

“Turon” kutubxonasida OʻzR FA Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov yozgan va u haqida yozilgan kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.



 “Fan” nashriyotida oʻtgan yili olimning 8 ta kitobi: “Turkiston mintaqasida sovet rejimiga qarshi istiqlolchilik harakati va mohiyati (1918–1935)”, “Oʻzbekiston SSRda sovet rejimining qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1917–1991)”, “Ibrohimbek qoʻrboshi va safdoshlari jasorati”, “Ibrohimbek qoʻrboshi”, “Turkiston qoʻrboshilari”, “Turkistonda sovet hokimiyatining iqtisodiy siyosati va ocharchilik dahshatlari (1917–1924)”, “Oʻzbekiston SSRda sovet davlatining yemirilishi hamda qayta qurish siyosatining tanazzuli (1985–1991)”, “Turkiston tarixida oʻtgan 55 buyuk siymo (davlat arboblari)” asari chop etildi.



 

Professorning 60 yillik yubileyiga bagʻishlab nashr qilingan “Qahramon Rajabov”, “Tarix ilmining qahramoni”, “Tarixchi olim Qahramon Rajabovning ilmiy maktabi”, “Qahramon qasidasi” (Dilshod Rajab), “Alp olimning moʻjizalari” (Ergash Ochilov) kitoblari, shuningdek, 2021 va 2022-yillari “Oʻzbekiston tarixi” jurnalida chiqqan maqolalari ham taqdimotdan oʻrin oldi.



Tadbirda Tarix instituti ilmiy xodimlari va doktorantlari, Xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Buxoro davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik-texnologiya instituti, “Turon” xususiy universiteti professor-oʻqituvchilari, faxriy ustozlar, qatagʻon qilingan jadidlar va qoʻrboshilarning farzandlari hamda nabiralari, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari ishtirok etishdi.



– Bir olim oltmish yilda bunyod boʻladi, degan gapning isbotini professor Qahramon Rajabov misolida koʻrish mumkin, – dedi “Fan” nashriyoti direktori, shoir Elyor Murod. – Oʻn yillab chekilgan zahmatlar hisobiga bugun shunday muhtasham ilmiy xirmon koʻtarilganiga guvoh boʻlmoqdamiz. Oʻtgan yili olimning 8 ta kitobi chiqqan boʻlsa, bu yil yana 20 dan ortiq asarlarini chop etishni rejalashtirganmiz.



 

Tadbirda Qahramon Rajabovning ilmiy va ilmiy-ommabop monografiyalar mazmuni haqida masʼul muharrir hamda taqrizchilar yigʻilganlarga maʼlumot berishdi. Ushbu kitoblarni katta tirajda nashr etish boʻyicha taklif bildirildi.



Dilnoza JAMOLOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//