Fargʻonada maktab oʻquvchilari farrosh ayolni tugʻilgan kuni bilan tabriklagani aks etgan video olqishlarga sazovor boʻldi

Saqlash
21:07 / 22.02.2023 1357 1

Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi maktablardan birida oʻquvchilar farrosh ayolni kutilmaganda tavallud kuni bilan tabrikladi. Ushbu jarayon aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan iliq kutib olindi.

 

Videoda oʻqituvchilardan biri oʻquvchilarni Bobur tavalludiga bagʻishlangan tadbirga tayyorlayotgan vaqtda farrosh oʻz ishini bajarayotganini va kutilmaganda hamma oʻrnidan turib, qarsaklar bilan ayolni tabriklaganini koʻrish mumkin.

 

“Bugungi tugʻilgan kuningiz bilan sizni tabriklaymiz. Ustozlar va oʻquvchilar nomidan muborakbod etamiz, tan-joningiz sogʻ boʻlsin, doimo birgalikda ishlab yurish nasib etsin”, — degan ustozlardan biri.

 

Oʻquvchilardan biri tabriklash bilan bir qatorda ayolga mehnati uchun rahmat aytgan. Videoga olayotgan erkak esa oʻquvchilarni endilikda ozodalikka rioya etishga chaqirgan.

 

Video ostida qoldirilgan izohlarda aksariyat foydalanuvchilar tashkilotchi va oʻquvchilarni olqishlab, ularga rahmat aytgan.

 

Xususan, Shuhrat Odilov ismli foydalanuvchi shunday yozadi: “Shu ishni tashkillashtirib, bolalar bilan birgalikda tayyorgarlik koʻrgan hammadan Alloh rozi boʻlsin”. Nasiba Doʻstmurodova “insonning qadr-qiymati mana shunday kunlarda bilinishi” aytgan boʻlsa, Dilnoza Ahmedova videoni koʻrib, “koʻziga yosh kelgani”ni bildirgan. Sharof Noʻsharov va Ilhom Rohatov esa farroshlarning maoshini oshirish kerakligi haqida fikr bildirgan.

 

Quyida yana bir qancha izohlar keltiriladi:

 

Feruza Qozoqova: “Mana bunday boʻladi insonni qadrlash, ofarin”.

 

Dilsoʻz Botiraliyeva: “Ajoyib shu insonlar bor, maktabimiz ozoda. Umrlari uzoq boʻlsin”.

 

Azamat Mahmudov: “Barakalla, hamma maktablarga oʻrnak boʻlsin. Boshqa maktablarda ham farroshlar hurmat qilinsin”.

 

Furqat Qoraboyev: “Ilohim umrlari ziyoda boʻlsin. Bolajonlarga tarbiyaviy soatning zoʻri boʻlibdi”.

 

Muborak Hamidova: “Agar shu farrosh ayollarimiz boʻlmasa, hamma joylarimiz ifloslanib ketadi. Shu insonlar bor, hamma ish joyimiz pokiza, toza. Tasanno”.

 

Fotima Adilova: “Rosa chiroyli ish boʻlibdi. Inson mehnati bilan ulugʻ. Atrofimizdagilar buning qadriga yetishsa, bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak”.

 

Zamira Qalandarova: “Zoʻr boʻlibdi. Bolalar mehr-oqibatga, hurmat-izzatga oʻrganadi. Yanada eʼtiborliroq boʻlishadi”.

 

Sofiya Zokirova: “Tashkilotchilarga “respekt”. Barcha oʻqituvchi va oʻquvchilarga rahmat. Oxirgi vaqtlarda koʻrgan eng yaxshi narsam shu boʻldi”.

 

Videoni koʻrish.

1 Izoh

Shoxsanam

12:01 / 01.01.1970

Ofarin. Tashkillangan Muxitdinova Gulsanamopa sizdek ona tili o'zligimizni anglatuvchi ustozlar ko'paysin

Izoh qoldirish

//